Hindistonning SpiceJet aviakompaniyasi 2012 yilda Kalkuttadan Goaga nogironlar muammolari bo‘yicha konferensiyaga ketayotgan huquq himoyachisi Jyeye Gxoshni tashishni rad etgani uchun bir million rupiyga (15 ming dollarga) jarimaga tortildi. Bu haqda Mashable nashri xabar bermoqda.
Hindiston oliy sudi hakami tserebral falajdan aziyat chekuvchi ayolga parvozning rad etilgani "rahm-shafqatning umuman yo‘qligi" va "chidab bo‘lmas tahqirlash"ni ko‘rsatishini ta'kidlab o‘tdi hamda aviakompaniyaning bu qarorini nomaqbul va "inson qadrini haqorat qiluvchi" deb atadi.
Aviakompaniya vakillari Gxoshning tashqi ko‘rinishi – "og‘zidan qon va ko‘pik kelayotgani" uning parvozni normal ko‘tara olishiga shubha uyg‘otganini ta'kidlashgan. Biroq ayol uning ahvolini baholash uchun hech kim shifokor chaqirmaganini aytgan va sudga murojaat qilgan.
2014 yilda Fransiyada Britaniyaning EasyJet loukosteri samolyot bortiga nogiron ayolni ko‘yishdan bosh tortgani uchun 50 ming yevrolik jarimaga tortilgandi. Aviakompaniya ayol hamrohsiz sayohat qilayotganini sabab qilib ko‘rsatgan. Kompaniyada aytilishicha, nogironlar aravachasidagi ayol favqulodda vaziyat yuzaga kelganda falokat chiqishiga mustaqil ravishda yetib ololmasdi.