O‘zbekiston Milliy matbuot markazida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan farmatsevtika sanoatini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar va istiqboldagi vazifalarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi. Bu haqda «O‘zA» xabar bermoqda.
Mamlakatimiz korxonalari tomonidan to‘qsonta farmakoterapevtik guruhga mansub bir yarim mingga yaqin dorilar ishlab chiqarilmoqda. O‘ttizta korxonada ISO-9001 sifatni boshqarish tizimi va GMP xalqaro standarti joriy etilgan.
Mahalliylashtirish loyihalari asosida shifobaxsh o‘simliklardan dorivor giyoh va damlamalar tayyorlash ham rivojlanmoqda. O‘tgan yili to‘rt yarim ming tonnadan ziyod shunday preparat tayyorlangan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkichni olti ming tonnadan oshirish rejalashtirilayotir.
Matbuot anjumanida aholini farmatsevtika mahsulotlari bilan ta'minlash borasida erishilayotgan natijalar, sohani yanada rivojlantirishga qaratilgan loyihalar to‘g‘risida so‘z yuritildi.