Harbiy vertolyot elektronikadagi nosozlik tufayli Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenkoning qo‘shnilari uyini o‘qqa tutdi.
Ukraina OAVi ma'lum qilishicha, elektron tizim Poroshenko uyi ustida kuzatuv tizimini aniqlab ishga tushgan.
Ukraina qurolli kuchlaridagi manbaning aytishicha, vertolyot avtomatikasi raketalar hujumiga qarshi mudofaa kuzatuv tizimi signallarini tahdid signallari sifatida qabul qilib, "issiqlik qopqonlarini" chiqargan.
Avvalroq Poroshenko uyi hududini nazrat qilib yurgan vertolyot otgan issiqlik qopqonlari prezidentning qo‘shnilari – tadbirkorlar Vladimir Kosterin va Natalya Jilinaning uyiga tushgani ma'lum qilingandi. Oqibatda tadbirkorning uyida yong‘in chiqqan va yashil o‘simliklar yonib ketgan. Ta'kidlanishicha, uyning o‘ziga zarar yetmagan.
Kiyev viloyati milliy politsiya boshqarmasi matbuot kotibi Nikolay Jukovich ushbu holat bo‘yicha o‘zganing mulkini qasddan yo‘q qilish yoki ziyon yetkazish moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilganini ma'lum qildi.
Infraqizil qarshilik ko‘rsatish vositalari (issiqlik qopqonlari) – infraqizil o‘zi nishonga oluvchi kallaklarga ega raketalarga qarshi qaratilgan, harbiy aviatsiyada ishlatiladigan tizim.