Toshkentda 23-24 may kunlari Shanxay hamkorlik tashkiloti tashqi ishlar vazirlari kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi, deb ma'lum qildi Rossiya tashqi ishlar vazirligi vakili Mariya Zaxarova.
Zaxarovaning aytishicha, "uchrashuv diqqat markazida Toshkentda 23-24 iyun kunlari bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitiga tayyorgarlik masalalari bo‘ladi".
"Tashqi ishlar vazirlari ShHTga a'zo davlatlar yetakchilari kengashi ko‘rib chiqilishi uchun kiritiladigan hujjatlar va qarorlar loyihalarini muhokama qilishni rejalashtirishmoqda. Xususan, gap ShHTning 15 yilligi Toshkent deklaratsiyasi, ShHTni 2025 yilgacha rivojlantirish strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha 2016-2020 yillar uchun mo‘ljallangan harakatlar rejasi hamda terrorchilik, ekstremizm, uyushgan jinoyatchilik, giyohvand moddalarni noqonuniy aylantirishga qarshi kurashda hamkorlikni ilgari surishga qaratilgan loyihalar haqida ketmoqda", deb aytdi Zaxarova.
Zaxarova ShHTning kengaytirilishi qaroriga ko‘ra, tashqi ishlar vazirlari Hindiston va Pokistonning tashkilotga qabul qilinishi jarayoni borishini ko‘rib chiqishlarini ma'lum qildi.