11 mayda kechki payt Braziliya poytaxti Braziliada parlament binosi yonida mamlakat prezidenti Dilma Russeff tarafdorlari boshlagan namoyish politsiya bilan to‘qnashuvlar bilan yakunlandi. Globo gazetasi saytida ma'lum qilganidek, huquq-tartibot muassasalari namoyishchilarga qarshi ko‘zni achishtiruvchi gaz qo‘llagan.
Politsiyachilarning aytishicha, namoyish ishtirokchilarini tarqatish haqidagi qaror ular huquq-tartibot muassasalari vakillariga shisha idishlar va boshqa buyumlar ota boshlagandan keyin qabul qilindi. Namoyishchilardan birining tobi qochgan, u shifoxonaga yetkazilgan.
Russeffga qarshi impichment jarayonini bekor qilishni talab qilayotgan namoyishlar Rio-de-Janeyro va San-Pauluda ham bo‘lib o‘tdi Shuningdek, bu shaharlarda prezidentga qarshi chiqayotganlar ham namoyishlar tashkil etishdi. Ikki tomon vakillari orasida bir nechta to‘qnashuvlar kelib chiqqan, biroq hech kim jiddiy jabrlanmagan.
Kutilishicha, yaqin soatlarda Braziliya federal senati Russeffni lavozimidan chetlatish bo‘yicha ovoz beradi. Agar senatorlarning 50 foizdan ko‘pi impichment jarayonini davom ettirishni ma'qullasa, prezident o‘z lavozimini kamida 180 kunga tark etadi, mamlakat boshqaruvini esa vitse-prezident Mishel Temer o‘z qo‘liga oladi. Unda rahbariyat almashishi ovoz berishning ertasi kuni bo‘lib o‘tishi kerak bo‘ladi.
Shundan keyin senatorlar 180 kun ichida Russeffga qarshi qo‘yilgan ayblovlarni o‘rganib chiqishadi. Agar yuqori palata a'zolari bu da'volarni ma'qullamasalar, prezident o‘z majburiyatini bajarishga qaytadi. Aks holda Temer hokimiyat tepasida 2018 yildagi saylovlargacha qoladi. Russeffning o‘z lavozimidan batamom chetlatilishi uchun bu tashabbusni senatorlarning uchdan ikki qismi qo‘llab-quvvatlashi zarur bo‘ladi.