Oq uy matbuot kotibi Josh Ernestning 11 may kuni bergan bayonotiga ko‘ra, AQSh Palmirani IShID guruhidan himoya qilish uchun Rossiya bilan harbiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmayapti, deb xabar qilmoqda RIA Novosti agentligi.
«Iroq va Suriya osmonida AQSh va Rossiya o‘rtasidagi keskinlikni kamaytirish masalasi yuzasidan bir muddat muloqot olib bordik. Ammo bu maslahatlashuvlar qandaydir harbiy hamkorlik muhokamasiga yetib bormagan. Va men, bu borada nimadir o‘zgaradi, deb o‘ylamayman», — degan Josh Ernest.
Biroq Oq uy rasmiy vakili, AQSh hukumati tarixiy jihatdan ahamiyatli shaharni IShID jangarilari egallab olishini xohlamasligini qayd etdi.
Bundan avval, ekstremistlar Palmira hududidagi Shayer va Mahr gaz konlariga hujum qilib, egallab olishgani xabar qilingan edi. Ushbu konlarda qazib olinadigan gazlar mamlakatning janubiy va markaziy tumanlarini elektr energiyasi bilan ta'minlaydigan Xoms va Damashqdagi IESlarga yetkaziladi.