Angliyaning «Portsmut» klubi sobiq direktori Roman Dubov APLda «Lester»ning chempion bo‘lishi borasida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
«Lester» chempionlikka erishgani orqasidan qariyb 190 million yevro ishlab oldi, ammo taxminan shuncha miqdorda mablag‘ klubning amaldagi xo‘jayinlari tomonidan olti yil ichida sarf etildi. Albatta, bu katta miqdorda pul, ammo baribir bu jamoaning premer-ligadagi kuchli 5-6 jamoa orasidan muqim joy egallab turishi uchun yetarli bo‘lmaydi.
Bundan tashqari, «tulkilar» kuchli infrastrukturaga ega jamoa sanalmaydi. Ularning akademiyasi hattoki APLning eng kuchli o‘ntaligiga ham kirmaydi. Hali bolalar-o‘smirlar futboli uchun juda ko‘plab sarf-xarajatlar qilinishi kerak. «Lester» bu pullarni qo‘lga kiritgach, qanday boshqaruv yo‘lini tanlaydi, bilmayman. Balki ular chempionlar ligasi yo‘llanmasini beruvchi to‘rtlikdan joy olish maqsadida ulkan xaridlarni ham amalga oshirishi mumkin.
Hozirda APL yetakchi va o‘rtamiyona jamoalari o‘rtasidagi tafovut asr boshidagi kabi falokatli darajada emas. Liga futbolchilarining darajasi tenglashib bormoqda. Bu esa ingliz futbolida kim g‘alaba qozonishini aytish qiyinligi jihati bilan ham e'tiborni jalb qilishda davom etadi. Ammo bu yerda yetakchi bo‘lish uchun top-klublarda mavjud — skaut xizmati, akademiya, tijorat strukturalari yaxshi ishlashi kerak. Shu tomondan olib qaraganda kichik jamoalar yetakchilardan ortda qolishda davom etmoqda. Shuning uchun ham «Lester»ning chempionligi ligada yetakchilarning almashayotganini bildirmaydi.
«Sanderlend» va «Manchester Yunayted» daromadlarini solishtirib bo‘lmaydi. Ular o‘rtasidagi farq qisqarayotgan bo‘lsada, baribir bu oraliq tafovut sezilarli darajada bo‘lib qolaveradi. «Lester»ning «sapchish»lari nimanidir o‘zgartira oladi deb o‘ylamayman. To‘g‘ri, ular juda ko‘p jamoalar uchun umid bag‘ishlashdi, biroq yaqin yillarda Angliya chempionatida yetakchi jamoalarning o‘zgarishini kutishdan foyda yo‘q.
Katta klublar o‘z joyida qolishadi — bular «Arsenal», «Manchester Siti», «Manchester Yunayted», «Chelsi», «Liverpul», keyin esa «Tottenhem», – deya gapirib o‘tgan Dubov «Izvestiya»ga bergan intervyusida.