Xitoydagi osmono‘par binoning 76-qavatidan pastga tushgan oyna Tesla haydovchisiga jarohat yetkazdi

Jahon 18:22 / 11.05.2016 5280

9 may kuni Xitoydagi eng baland bino - Shanxay minorasining 76-qavatidan oyna pastga qulab, Tesla avtomobili haydovchisining yoniga tushdi. Bu haqida Mashable xabar berdi

Bu hodisa osmono‘par binoning bir qismi ziyoratchilar uchun ochilganidan keyin bir necha hafta o‘tib sodir bo‘ldi. 200 kilogrammli vaznga ega shisha avtoturargohda turgan Tesla avtomobili yoniga kelib tushdi.

Oyna yerga tushayotgan vaqtda haydovchi mashinadan chiqayotgan bo‘lgan. Shisha haydovchining yoniga tushgan, shu sabab u tirik qolgan, biroq oyog‘iga ko‘plab shisha siniqlari kirib, jarohat olgani uchun kasalxonaga jo‘natildi.  Avtomobilga ziyon yetganmi yoki yo‘qligi hozircha noma'lum, lekin voqea sodir bo‘lgan joyda olingan suratlarda shisha bo‘laklarining mashina yonida sochilib yotganini ko‘rish mumkin.

OAVning xabar berishicha, mazkur hodisa ishchilar deraza oynasini almashtirayotgan paytda ro‘y bergan. Shanxay minorasi vakillarining so‘zlariga ko‘ra, oyna yaxshi mustahkamlangan bo‘lgan va shu bois bu holat qanday sodir bo‘lgani hozirgacha tushunarsiz bo‘lib turibdi. Barcha ta'mirlash ishlari tergov tugagunga qadar to‘xtatiladi.

Shanxay minorasi 2015 yilning o‘rtalarigacha sakkiz yil davomida qurildi, ammo noma'lum sabablarga ko‘ra 2016 yilning martiga qadar ochilgani yo‘q. Bugungi kunga kelib faqat binoning yerto‘lasi va pastki qavatlari ochiq, qolgan qismining ochilish muddati e'lon qilinmagan. 

Binoning balandligi 632 metrni tashkil etadi. U balanligiga ko‘ra, Dubaydagi "Burj al-Xalifa"dan (828 metr) keyin ikkinchi o‘rinda turadi.

Ko‘proq yangiliklar: