The Independent nashrining xabariga ko‘ra, Google yangilangan qidiruv natijalari sahifasini sinovdan o‘tkazmoqda.
Odatda qidiruv natijalarida sahifa nomi ko‘k rangli xarflarda yozilgan, uning pastida esa yashil rangda URL-manzil va qora rangdagi harflar bilan qisqa ma'lumot aks ettirilgan bo‘ladi.
Endilikda Google topilgan sahifalarning rangini ko‘kdan qora rangga o‘zgartirishni o‘ylamoqda.
Nashrning ta'kidlashicha, o‘zgartirishlar faqatgina sinov jarayonida bo‘lib, kompaniya qidiruv natijalaridagi ranglarning o‘zgartirilishi foydalanuvchilarning kliklar soniga ta'sir etishini tekshirib ko‘rmoqchi.
The Independent nashrining ma'lumotiga ko‘ra, yangi o‘zgartirishlar bir necha foydalanuvchilar tomonidan tanqid ostiga olingan. Nashr sinov qatnashchilaridan biri bo‘lishi mumkin bo‘lgan tvitter foydalanuvchisining izohlarini misol keltirib o‘tgan. Ular qidiruv natijalari aks ettirilgan sahifalarning skrinshotlarini ko‘rsatib o‘tib, “ular juda ham qo‘rqinchli ko‘rinmoqda va funksional emas” degan izoh qoldirishgan.
Business Insider muxbirining aytishicha, uning qidiruv natijalaridagi rang ko‘kning boshqa tusiga o‘zgargan.
Bu Google`ning qidiruv natijalarini o‘zgartirish uchun qilgan birinchi urinishi emas. 2014 yilda kompaniya ko‘k rangning kerak bo‘lgan tusini aniqlash uchun 40 xil rangdan foydalangan edi.