Fransiya hukumati hozirda amalda bo‘lgan, AQShdan slanetsli gaz importi taqiqloviga ehtiyoj qanchalik zarurligini tahlil qilmoqda. Bu ayni vaqtda Fransiyada gidroyorish yo‘li bilan foydali qazilmalarni olishga taqiqlov amal qilishi bilan bog‘langan va bu taqiqlov 2017 yilgacha davom etadi. Bu haqda Fransiyaning ekologiya, barqaror rivojlanish va energetika vaziri Segolen Ruayal ma'lum qildi, deb xabar bermoqda Reuters axborot agentligi.
Bu muammoni batafsil o‘rganish haqidagi qaror Fransiyaning Engie va EDF kompaniyalari AQShdan gaz import qilishga kelishib olganlaridan keyin qabul qilindi. Shartnomalarda suyultirilgan tabiiy gaz yetkazib berishda slanetsli gaz ulushi umumiy hajmdan 40 foizgacha yetishi ko‘zda tutilgan.
"Men ikkala kompaniyadan ular nima uchun hushyorlik ko‘rsatmaganliklari haqida so‘radim hamda slanetsli gazni import qilishga taqiqlovning huquqiy asosini topishni so‘radim", deb aytdi vazir.
The Local nashrining ma'lum qilishicha, AQSh slanetsli gazi Fransiya shimolidagi Dyunkerk porti terminaliga yetkaziladi. Birinchi yetkazmalar 2016 yil yozidayoq boshlanadi. Yetkazmalarning umumiy hajmi 50 ta yirik tankerdan oshishi kerak.
Kompaniyalar shartnoma qiymati va hajmini oshkor etishmayapti, biroq L'Express nashri ma'lumotlariga ko‘ra, EDF slanetsli gazni yetkazib berish bo‘yicha 20 yillik shartnoma imzolagan. Unga ko‘ra kompaniya uchun yetkazib beriladigan gaz hajmi yiliga 1 mlrd kub metrni tashkil qiladi.