O‘zbekiston hukumati 2016 yilda chekka hududlarda 194ta namunaviy maishiy xizmatlar ko‘rsatish majmualari tashkil etishni rejalashtirgan. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining 4 maydagi qarorida (pdf) keltirilgan.
4 may kuni O‘zbekiston hukumatining «Qishloq joylardagi aholiga servis xizmati ko‘rsatishni yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi» qarorni qabul qilgan.
Bunday maishiy xizmatlar ko‘rsatish majmualar qatorida go‘zallik salonlari, sartaroshxonalar, hammomlar, modalar atelesi, elektr-maishiy texnika va poyabzal ta'mirlash xizmatlari ko‘rsatuvchi ustaxonalari sanab o‘tilgan. Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi shunday majmualarning namunaviy loyihalarini ishlab chiqadi.
Maishiy xizmat ko‘rsatish majmualari qurilishiga loyiha tashabbuskorlarining shaxsiy hisoblaridan hamda tijoriy banklarning imtiyozli kreditlari sifatida mablag‘lar sarflanadi.
Hukumat tijorat banklariga loyihalar tashabbuskorlari uchun O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasidan yuqori bo‘lmagan foiz stavkasi bo‘yicha imtiyozli kreditlar berishni tavsiya qilgan.
Qarorga ko‘ra, 194ta majmua qurilishiga jami 62,111 milliard so‘m, shu jumladan, 19,776 milliard so‘m bank kreditlari sarflanishi rejalashtirilgan.
Yangi komplekslar fuqarolarga xizmat ko‘rsatish darajasini yaxshilash, ayollarning xo‘jalik yumushlarini yengillatish, qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratish va aholi daromadlarini oshirish maqsadida ochilmoqda.