Tramp istisno sifatida Sodiq Xonni AQShga kiritishga va'da berdi

Jahon 10:51 / 10.05.2016 20814

AQSh prezidentligi uchun respublikachilar partiyasidan yagona nomzod sifatida qolgan milliarder Donald Tramp o‘zi prezident bo‘lib saylanadigan bo‘lsa, Londonning yangi meri Sodiq Xonni u musulmon bo‘lishiga qaramasdan istisno sifatida mamlakatga kiritishga rozi bo‘lishini bildirdi. Bu haqda VVS xabar tarqatgan.

"Hamisha istisnolar qonuni mavjud. Men Xon London meri etib saylanganidan juda xursand bo‘ldim", degan Tramp.

Eslatib o‘tamiz, Parij teraktlaridan keyin Tramp musulmonlarni AQShga kiritishni taqiqlash bo‘yicha taklif bildirgandi.

Uning bu chiqishi nafaqat AQShda, dunyoning ko‘plab mamlakatlarida nufuzli siyosatchilar tomonidan noxush qarshi olindi.

Lekin Tramp o‘z so‘zlarini qaytib olmasligi, uning taklifi milliy xavfsizlikni ta'minlashini ta'kidladi.

"Londonda shunday radikallashgan hududlar borki, unday joylarda politsiyachilar o‘z hayoti xavfsizligidan tashvishda bo‘lishadi", degandi u.

Buyuk Britaniya bosh vaziri Devid Kemeron uning bu chiqishiga munosabat bildirib, uning fikrini "foydasiz, xato va o‘rinsiz" deya atagandi.

Buyuk britaniyaliklar esa o‘ziga xos aksiya o‘tkazishib, Trampni Birlashgan Qirollik hududiga kiritmaslik bo‘yicha ariza uchun 100 million imzo to‘plashdi va uni parlamentga taqdim etishdi. Ammo petitsiya parlamentariylar tomonidan qabul qilinmadi.

5 may kuni London merligi uchun o‘tkazilgan saylovda g‘alaba qozongan leyborist siyosatchi, kelib chiqishi pokistonlik bo‘lgan Sodiq Xon esa Trampning bu bayonoti tufayli u prezidentga aylangan vaqtda AQShga bora olmasligi mumkinligidan tashvishda ekanini bildirdi.

Ko‘proq yangiliklar: