Rossiyaning «Kuban» jamoasining ukrainalik hujumchisi Yevgeniy Seleznyov krasnodarlik muxlislarga «baland ohanglar»da murojaat qildi. Bu haqda «Chempionat.com» nashri «Nash futbol» kanalining «8-16» teleko‘rsatuviga asoslanib xabar tarqatgan.
Bu voqea ichki chempionatning 27-turida «Kuban»ning «Mordoviya»ga qarshi o‘z maydonida mag‘lub bo‘lishidan keyin yuz bergan. Ushbu o‘yin 7 may kuni Krasnodarda o‘tkazilgan va saranskliklarning 2:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlangan.
«Men kelganimga bir oydan oshdi. Sizlarga nima deya olishim mumkin? Istalgan gapingizni aytishingiz mumkin, istalgan gapingizni eshitishga tayyorman. Istasangiz — meni osib qo‘ying, istasangiz — meni o‘ldiring», — degan Seleznyov.
Ukrainalik hujumchi «Kuban» safiga 25 fevral kuni Dnepropetrovskning «Dnepr» jamoasidan kelib qo‘shilgan. Kelishuvning moliyaviy shartlari oshkor qilinmagan.
U jamoasi safida 9ta o‘yin o‘tkazib, 3ta gol urgan. U Ukraina terma jamoasi safida 46 uchrashuvda maydonga tushib, 11ta gol urgan.
«Kuban» 27 turdan keyin 20 ochko ishlagan holda turnir jadvalining eng quyi qismida joylashgan. 3 may kuni jamoada bosh murabbiy o‘zgardi, Sergey Tashuyev o‘rniga Igor Osinkin tayinlandi.