Dunyodagi eng katta samolyot Avstraliyaga 135 tonnalik generatorni yetkazadi

Jahon 21:26 / 10.05.2016 15042

10 may kuni Pragaga yagona nusxada yaratilgan, dunyodagi eng katta samolyot – An-225 "Mriya" qo‘ndi. Samolyot Avstraliyaga Plzendagi zavodlardan birida ishlab chiqarilgan 135-tonnalik generatorni yetkazib berishi kerak. Bu haqda mamlakat televidenisi ma'lum qildi

"Odatda Plzendagi generator kabi bunday katta hajmli va og‘ir yuklar belgilangan joyga dengiz yo‘li yoki quruqlik orqali yetkaziladi. Biroq bu vaziyatda generator qisqa muddatlarda yetkazilishi kerak edi, shuning uchun An-225 kerak bo‘ldi", deb aytilmoqda xabarda.

Generator Plzendan Pragaga 11 mayga o‘tar kechasi yetkaziladi. Generator 11 may kun bo‘yi samolyotga ortiladi. Samolyot yuk bilan Avstraliyaga faqatgina 12 may kuni uchib keta oladi, chunki uning parvozlari dvigatellarining juda kattaligi sababli kechasi taqiqlangan. Samolyot yo‘lda Turkmanistonda qo‘nib o‘tadi.

Oxirgi marta An-225 Chexiyaga yanvar oyida qo‘ngandi, o‘shanda samolyot Ostravadan Afrika davlatlaridan biriga harbiy texnika yetkazib bergandi.

An-225 "Mriya" samolyoti sobiq ittifoq vaqtida yaratilgan reaktiv transport samolyoti bo‘lib, o‘ta og‘ir yuklarni tashishga mo‘ljallangan. Samolyot Kiyev mexanika zavodida 1984-1988 yillar davomida qurilgan. Birinchi parvozini 1988 yil 21 dekabrda amalga oshirgan. Samolyotning uzunligi 84 metr, balandligi 18,2 metr, qanotlari qulochi 88,4 metrni tashkil qiladi. Bo‘sh samolyotning og‘irligi 250 tonnani, maksimal uchish og‘irligi 640 tonnani tashkil qiladi.

Samolyot uchish og‘irligi va yuk ko‘tarish bo‘yicha bir qator jahon rekordlarini o‘rnatgan. Jumladan, 2004 yil samolyotda Zeromax GmbH kompaniyasi buyurtmasi bilan Pragadan Toshkentga 250 tonnalik maxsus texnika yetkazilgan. Samolyot 2009 yilda aviatsiya tarixida 187,6 tonnalik eng katta yaxlit yukni tashigani uchun Ginness rekordlar kitobiga kiritilgan. Bu yuk maxsus ramasi bilan Frankfurtdan Yerevanga arman elektrostansiyasi uchun tashilgan 174 tonnalik generator bo‘lgan.

Shuningdek, "Mriya"ga yuk ko‘tarish bo‘yicha mutlaq rekord tegishli: u 253,8 tonnalik yukni havoga ko‘tara olgan. Samolyot umumiy hisobda 250 ga yaqin jahon rekordlari o‘rnatgan. Hozirda Ukrainaning Antonov Airlines kompaniyasi tomonidan ishlatiladi.

Ko‘proq yangiliklar: