Yaponiya oltinchi yadro reaktoridan foydalanishni to‘xtatdi

Jahon 13:42 / 10.05.2016 2457

Yaponiya xavfsizlik talablarining kuchaytirilishi sabab yana bir yadro reaktori to‘xtatildi. Kiodo agentligining xabar qilishicha, u navbatdagi oltinchisidir. 

Agentlikning ma'lumotlariga ko‘ra, Shikoku Electric Power kompaniyasi Exime prefekturasidagi "Ikata" AESning 40 yillar muqaddam barpo etilgan ilk reaktori xizmatidan voz kechishga qaror qilgan. Ushbu reaktorni yangi talablarga moslashtirish juda qimmatga tushib, 1,59 milliard dollarlik mablag‘ni talab etar edi. Buning o‘rniga, stansiyaning birmuncha kuchliroq uchinchi reaktori yangilanadi. Ikatedagi reaktorni demontaj qilish 30 yilga cho‘ziladi. Shu maqsadda yapon iyenasining hozirgi kursi bo‘yicha 373 million dollar sarflanishi lozim bo‘ladi. 

Yaponiyadagi AESlarga joriy etilgan yangi me'yorlarga ko‘ra, 40 yildan avval qurilgan barcha reaktorlardan foydalanish mumkin emas. Ammo, AES xavfsizligi kuchaytirilgan taqdirda undan yana 20 yil mobaynida foydalanishga ruxsat beriladi. 

Yaponiya hukumati 2030 yilga borib Fukusima AES halokatidan so‘ng to‘xtatilgan reaktorlarni qayta ishga tushirishga umid qilmoqda. Ularning faoliyati to‘liq tiklansa, mamlakatdagi elektr energiyasining 20 foizi AESlar tomonidan ishlab chiqariladi. 

"Ikata" AES birinchi reaktori to‘xtatilgach, Yaponiyada ularning soni 42ta qoladi.

Ko‘proq yangiliklar: