Bild: Turklarga qochqinlarni olib qolishi uchun va'da qilingan pul Gretsiyaga berilishi mumkin

Jahon 19:43 / 09.05.2016 5200

YeI tomonidan qochqinlarni o‘z hududida olib qolishi evaziga Turkiya uchun va'da qilingan 6 mlrd yevro miqdoridagi mablag‘ turkiyaliklar prezidenti kelishuvga amal qilmaydigan bo‘lsa Afinaga berilishi mumkin. Bu haqda Germaniyaning Bild nashri xabar tarqatgan.

Nashrning yozishicha, Yevropa Ittifoqidagi bir qancha mamlakatlar ayni vaqtda Turkiya bilan qochqinlar bo‘yicha kelishuvning muqobilini muhokama qilishmoqda.

Agar Rajab Toyib Erdo‘g‘an Turkiyaning Yevropa bilan chegarasini qochqinlar uchun ochib yuborsa, ularni Gretsiyadagi orollarda joylashtirishga to‘g‘ri keladi. Bu holatda orollar va Gretsiyaning materikdagi qismi bilan qayiqlar orqali bog‘lanishni to‘xtatish talab etiladi.

Nashrning YeI mamlakatlarining biri vaziriga asoslanib xabar qilishicha, bu orollarda qochqinlar uchun boshpana va lagerlar barpo etish imkoniyatlari ko‘rib chiqilmoqda.

"Bu holatda Turkiya uchun mo‘ljallangan mablag‘ Gretsiyaga beriladi", deya qayd etilgan nashr xabarida.

Mart oyida Bryusseldagi uchrashuvda Yevropa Ittifoqi va Turkiya qochqinlarni Gretsiya va Yevropa hududidan Turkiyaga qaytarish bo‘yicha kelishuv tuzgandi.

1 oy oldin Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an YeIga Bryusseldagi kelishuv shartlari bo‘yicha mablag‘lar yetkazib berilmasa, kelishuvni bekor qilishi bilan tahdid solgandi.

Ko‘proq yangiliklar: