O‘zbekiston “Adolat” SDP Siyosiy Kengashi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi hamda Xalq ta'limi vazirligi hamkorligida “Umumta'lim maktablarida jamoatchilik nazorati” mavzusida amaliy videokonferensiya bo‘lib o‘tdi.
Partiyaning “Maktabda ijtimoiy tenglik masalalari” loyihasi doirasida tashkil etilgan mazkur tadbirda O‘zbekiston “Adolat” SDP Siyosiy Kengashi hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi a'zolari, xalq deputatlari mahalliy Kengashlardagi deputatlari va partiya faollari, Xalq ta'limi vazirligi va uning joylardagi bo‘linmalari mutasaddilari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.
Video muloqotdan ko‘zlangan asosiy maqsad ta'lim sohasidagi islohotlarning izchilligini ta'minlash, umumta'lim maktablarida ta'lim-tarbiya jarayonini yanada rivojlantirish, o‘quvchilarga bugungi kun talablari darajasida bilim berish, sohaga doir qonun va qonunosti hujjatlarining joylarda samarali ijro etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish yuzasidan o‘zaro fikr almashish, tegishli taklif, tavsiyalarni ishlab chiqishga qaratildi.
Tadbirni kirish so‘zi bilan ochgan O‘zbekiston “Adolat” SDP Siyosiy Kengashi raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Narimon Umarov ta'kidlaganidek, bugungi hayotimizda ro‘y berayotgan yangilanishlar, milliy taraqqiyot modelimizda ustuvorlik kasb etgan kuchli ijtimoiy siyosat tamoyilining samaralari hayotimizda o‘z amaliy ifodasini ko‘rsatmoqda. Ushbu tamoyilni hayotga to‘laqonli tatbiq etish uchun davlat byudjyetining asosiy qismi yo‘naltirilayotgani ham dunyo jamoatchiligi tomonidan e'tirof etilmoqda.
Jumladan, 2015 yilda mamlakatimizda ta'lim-tarbiya sohasiga har yili sarflanayotgan xarajatlar yalpi ichki mahsulotga nisbatan 10-12 foizni tashkil etdi. Bu YuNeSKOning mamlakatni barqaror rivojlantirishni ta'minlash uchun ta'limga yo‘naltirishi zarur bo‘lgan investitsiyalar miqdori bo‘yicha tegishli tavsiyalaridan, ya'ni 6-7 foizdan qariyb 2 barobar ko‘pdir.
Zero, ijtimoiy siyosatimizning bosh maqsadi eng avvalo har tomonlama sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish, shu orqali xalqimizning buyuk kelajagini bunyod etishga qaratilgan.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fan, ta'lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi, O‘zbekiston “Adolat” SDP fraksiyasi a'zosi Alisher Shodmonov istiqlol yillarida mamlakatimizda sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganligi xususida so‘z yuritar ekan, sohaning huquqiy asoslariga e'tibor qaratdi.
— Mustaqillik yillarida yoshlar huquq va manfaatlari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qator qonunlarda mustahkamlab qo‘yildi, — dedi A.Shodmonov. — 1991 yil 20 noyabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari to‘g‘risida”gi qonun yoshlarning ijtimoiy hamda ma'naviy kamol topishi uchun shart-sharoit yaratib berishga qaratilgan yoshlarga oid siyosatni ishlab chiqish va uni amalga oshirishning qonuniy asosini yaratib berdi. Shuningdek, kadrlar tayyorlash Milliy dasturi, “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi, “Ta'lim to‘g‘risida”gi, “Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida”gi, “Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi to‘g‘risida”gi qonunlar yoshlar tarbiyasida, ularni sog‘lom turmush tarziga o‘rgatishda, ish bilan bandligini ta'minlashda muhim huquqiy baza vazifasini o‘tamoqda.
Ayni paytda davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida ham ushbu yo‘nalishda salmoqli ishlar olib borilmoqda. Bu jarayonda nafaqat davlat tashkilotlari balki fuqarolik jamiyati institutlari, xususan, siyosiy partiyalar ham faol ishtirok etmoqda.
Qayd etilganidek, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Saylovoldi dasturida yoshlar siyosati bo‘yicha aniq maqsad-vazifalar belgilangan bo‘lib, bugungi kunda “Maktabda ijtimoiy tenglik masalalari” loyihasi amaliyotga izchil yo‘naltirilgan. Ushbu loyihadan ko‘zlangan maqsad yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda partiyaning faol ishtirokini ta'minlash, umumta'lim maktablarida ichki tartib-qoidalarni yanada mustahkamlash va kiyinish madaniyatini yuksaltirish, maktab o‘quvchilari orasida ijtimoiy tenglikni ta'minlash kabi vazifalarni amalga oshirishdir.
Shundan kelib chiqib, videokonferensiyada mazkur loyiha doirasida qilingan ishlar partiyaning Samarqand va Andijon viloyat hududiy tashkilotlari hamda mahalliy Kengashlardagi partiya deputatlik guruhlari tomonidan olib borilgan sa'y-harakatlar va uning natijalari misolida muhokama qilindi. Mamlakatimizda umumiy o‘rta ta'lim sohasida erishilgan yutuqlar bilan bir qatorda hozirgi kunda keng jamoatchilikni qiziqtirayotgan ayrim masalalarga e'tibor qaratildi. Jumladan, umumta'lim maktablaridagi ichki tartib-qoidalarni yanada mustahkamlash, o‘quvchilarning kiyinish madaniyatini yuksaltirish, maqsadsiz pul yig‘imlariga chek qo‘yish hamda maktab hayotida jamoatchilikning o‘rni va roli samaradorligini ta'minlash kabi masalalar yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.
Mahmud BOBOYoROV, xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashidagi O‘zbekiston “Adolat” SDP deputatlik guruhi rahbari:
— 2014 yilda xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga o‘tkazilgan saylovlar jarayonida saylovchilarning deputatlikka nomzodlarimiz bilan uchrashuvlarida bugungi kunda hukumatimiz tomonidan ta'lim muassasalarini moddiy-texnika bazasini zamon talablariga mos ravishda ta'minlash, pedagog-xodimlarning bilim va malakasi, professional darajasini yaxshilash, o‘quvchilarimizning har tomonlama chuqur bilim va salohiyatga ega bo‘lishlari uchun katta ahamiyat berilayotganligi alohida qayd etilib, shu bilan bir qatorda, ta'lim muassasalarimizda hanuzgacha o‘z yechimini kutayotgan ayrim masalalar yuzasidan fuqarolar o‘z fikr-mulohazalarini bildirishgan edi, bu fikr-mulohazalar partiyamiz tomonidan “Maktabda ijtimoiy tenglik masalalari” loyihasini amaliyotga joriy qilishga asos bo‘ldi.
Ushbu loyiha doirasida xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashidagi partiya guruhimiz tomonidan “Maktab o‘quvchilarining kiyinish madaniyati, umumta'lim maktablarida asossiz ravishda ortiqcha mablag‘lar yig‘ish to‘g‘risida”gi masala Samarqand shahar misolida o‘rganib chiqildi va viloyat partiya kengashining “Umumta'lim maktablarida ta'lim sohasiga oid muammolarni bartaraf etish” yuzasidan chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
Dastur asosida mazkur masalani atroflicha o‘rganish, keng jamoatchilik va fuqarolarning fikrlarini bilish maqsadida ishchi guruhi tuzilib, 2015 yilning aprel-may oylarida joylarda saylovchilar bilan uchrashuv va davra suhbatlari tashkil etildi. Ushbu ishlarni amalga oshirishda “Mahalla” xayriya jamoat fondi Samarqand shahar bo‘linmasi yaqindan yordam berdi. Jumladan, Samarqand shahrida joylashgan mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qilayotgan aholi o‘rtasida anketa-so‘rovnomalari o‘tkazilib, keng jamoatchilik fikri o‘rganib chiqildi. Uchrashuvlar natijasi va anketa-so‘rovlari tahlili aholining aksariyat qismi mazkur masalalarga jiddiy munosabatda ekanligini ko‘rsatdi.
Bundan tashqari, maktablarning sinf xonalarida o‘quvchilarning soni belgilangan me'yorga nisbatan ortiqligi va sinf xonalaridagi pollarni gilam va kovralin bilan qoplash, partalar ustini mato bilan yopish, derazalarga qimmatbaho pardalar o‘rnatish masalalari yuzasidan aniqlik kiritish maqsadida tegishli tashkilotlarga deputatlik so‘rovlari yuborildi.
Xalq deputatlari Samarqand shahar Kengashining sessiyasida “Maktab o‘quvchilarining kiyinish madaniyatini yanada yaxshilash, maktablarda asossiz ravishda ortiqcha mablag‘lar to‘planishining oldini olish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinishiga erishildi. Ushbu qarorga muvofiq 2016-2017 o‘quv yilidan boshlab Samarqand shahar o‘quvchilariga yagona maktab formasi joriy etilishi belgilangan.
Zuhraxon KOMILOVA, xalq deputatlari Andijon viloyati Kengashidagi O‘zbekiston “Adolat” SDP deputatlik guruhi rahbari:
— Ta'lim va tarbiyaning uzviyligini ta'minlash, o‘quvchilar ma'naviyatini yuksaltirish ularning tarbiyasida muhim omillardan biri demakdir. Shu ma'noda partiyamiz tomonidan “Maktabda ijtimoiy tenglik masalalari” loyihasi amaliyotga joriy qilinayotgani bejiz emas.
Xalq deputatlari Andijon viloyat Kengashidagi deputatlik guruhimiz tomonidan ushbu loyiha doirasida o‘tgan davrda partiya faollari va yoshlar bilan ishlovchi hamkor tashkilotlar ishtirokida joylarda targ‘ibot-tushuntirish ishlari yo‘lga qo‘yildi. Keng jamoatchilikni bu ishga jalb etish maqsadida Andijon shahar, Izboskan, Marhamat, Bo‘z, Buloqboshi va Oltinko‘l tumanlarida ko‘rgazmali seminarlar tashkil etildi. Bunda joylardagi ta'lim muassasalari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va xotin-qizlar qo‘mitalari bilan hamkorlik o‘z samarasini berdi.
Jumladan, Andijon shahridagi 3-, 7-, 29-, 35-sonli umumta'lim maktablarida olib borilgan keng qamrovli targ‘ibot tadbirlari natijasida bir xil maktab formasi joriy qilinishiga erishildi. Bu o‘quvchilar va ularning ota-onalari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Hozirda boshqa maktablarda ham bu kabi ishlar keng davom etmoqda.
O‘quvchilar uchun bir xil forma joriy etilishi, avvalo, farzandlarimizni kiyinish madaniyatiga o‘rgatishga xizmat qilsa, ikkinchidan, ularning ijtimoiy tengligini ta'minlaydi. O‘quvchi kiyimidagi bola o‘rinsiz harakatlanishdan o‘zini tortadi. Demak, uning tarbiyasiga ijobiy ta'sir ko‘rsatadi.
Mahallalarda o‘tkazilgan davra suhbati va uchrashuvlar, mavzuga doir tuzilgan anketa savollariga berilgan javoblarda ham o‘quvchilarning kiyinish madaniyati ko‘pchilikni o‘ylantirayotgan dolzarb masala ekanligi ko‘zga tashlandi.
Muloqotlar davomida bugungi kunda mamlakatimizda yoshlar ta'lim-tarbiyasida “Oila — mahalla — ta'lim muassasasi” konsepsiyasi doirasida yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik ham bu boradagi ishlar samaradorligini oshirayotganligi aytib o‘tildi. Joylarda aholi bilan bevosita ish olib boradigan fuqarolik jamiyatining muhim institutlaridan biri sifatida siyosiy partiyalar ham kelajagimiz egalarining ertangi taqdiriga daxldor dolzarb masalalarni ko‘tarib chiqishi oldimizga qo‘yilgan yuksak maqsadlarga erishishda muhim omil bo‘lishi alohida e'tirof etildi.
Videokonferensiya yakunida O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasining yoshlarga doir maqsad, vazifalarini amaliyotga izchil tatbiq etish, jumladan, “Maktabda ijtimoiy tenglik masalalari” loyihasini amalga oshirish jarayonida partiya tuzilmalari va fuqarolar o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va muloqot muhitini rivojlantirish, ushbu loyihani kelgusida respublikamizning barcha hududlarida keng joriy qilish, pirovardida esa, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga ta'lim sohasiga oid qonun va qonunosti hujjatlariga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha partiya elektorati manfaatlaridan kelib chiqadigan takliflar kiritish kabi masalalar yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqildi.
O‘zbekiston “Adolat” SDP matbuot xizmati