Turkiya bosh vazirining iste'fosi YeI bilan migratsiya kelishuviga xavf soladi

Jahon 10:54 / 06.05.2016 3105

Turkiya bosh vaziri Ahmet Dovudo‘g‘lining iste'foga chiqishi Bryussel va Anqara o‘rtasida erishilgan migratsiya kelishuvini xavf ostiga qo‘yadi, deb taxmin qilmoqda Britaniyaning Financial Times gazetasi. 

Nashrning yodga olishicha, bitimga muvofiq, noqonuniy muhojirlar va qochqinlar Turkiya orqali grek orollariga yetib olgan taqdirda, ortga qaytariladi, YeI bunga javoban turk fuqarolariga vizasiz kirishni joriy etadi. Mazkur kelishuv o‘z kuchida qolishi uchun Turkiya aksilterror qonunchiligi bilan jiddiy shug‘ullanishi, fuqarolar huquqlarini ta'minlash borasidagi siyosatini qayta ko‘rib chiqishi lozim bo‘ladi. YeI Dovudo‘g‘lining ketishi bilan rasmiy Anqara va'da qilgan islohotlarni o‘tkazmasligidan xavotirda. 

Nashrning diplomatik manbalari fikricha, Germaniya kansleri Angela Merkel Dovudo‘g‘li rahbarlik qilayotgan yevropaparast partiyaning o‘rni mustahkamlanishidan umid qilgan, ammo endilikda aksincha Yevropa bilan yaqinlashish tarafdorlarining pozitsiyasi sezilarli zaiflashdi, deyish mumkin. 

FT’ga ma'lum qilgan turk rasmiylarining aytishlaricha, Erdo‘g‘an Dovudo‘g‘lining YeI bilan yaqinlashuvi tufayli xalqaro siyosat maydonida o‘z o‘rnini yo‘qotishidan xavotirga tushgan. Ana shu holat, ikki siyosatchining munosabatlari salbiylashuviga hamda alaloqibat bosh vazirning iste'fosiga olib kelgan. 

5 may kuni Turkiya bosh vaziri Ahmet Dovudo‘g‘li o‘z vazifasidan iste'fo berganini e'lon qilgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: