«Lester» yetakchilaridan biri jamoadan ketmoqchi emasligini bildirdi

Sport 21:26 / 06.05.2016 3302

«Lester» jamoasi direktorlar kengashir raisi Ayyavatt Shrivaddanaprabxaning ma'lum qilishicha, uning jamoasi yozgi transferlar vaqtida Riyoz Mahrez uchun bildiriladigan takliflarni qabul qilmaydi, futbolchi ham rahbariyatga boshqa jamoaga o‘tishni istamasligi haqida aytgan.

«Istaymanki, futbolchilar hozirgi lahzalardan rohat olishsin va o‘z shartnomalari xususida xavotirlanishmasin. Ular endi mashhur yigitlar va ular vaziyatni to‘g‘ri his qilishadi. Men Mahrez bilan gaplashdim. Undan kelajakdagi rejalari haqida, boshqa kattaroq jamoaga o‘tish niyati bor yoki yo‘qligi xususida so‘radim. U javob berdi: „Yo‘q, men shu yerda qolishni istayman“. Riyoz „Lester“da o‘ynashda davom etishni istayotganidan xursandma.

Jamoalar futbolchilarimiz uchun takliflar yuborishi mumkin, ammo bizda pul bilan bog‘liq muammolar yo‘q va biz o‘z yetakchilarimizni berib yuborishni istamaymiz. Chempionlar guruhini to‘liqligicha saqlab qolishga va tarkibni yanada kuchaytirishga harakat qilamiz», — deya «tulkilar» jamoasi rahbarining so‘zlarini keltiradi Goal portali.

Bundan oldinroq, joriy mavsumning eng yaxshi futbolchisi sifatida e'tirof etilgan bu jazoirlik futbolchiga Angliya va Ispaniyadagi grand jamoalardan qiziqishlar mavjudligi haqida xabarlar tarqalgandi.

Ko‘proq yangiliklar: