«O‘zkimyosanoat» AJ 2020 yilgacha 3,4 milliard dollarlik investitsion loyihani amalga oshiradi

O‘zbekiston 14:51 / 04.05.2016 43478

2016-20 yillarda O‘zbekiston kimyo sanoatida 11ta yirik investitsion loyiha amalga oshiriladi. Ularning umumiy qiymati 3,4 mlrd. dollarni tashkil etadi

"O‘zkimyosanoat" AJning ma'lum qilishicha, loyihalar orasida ammiak va karbamid, PVX (polivinilxlorid), kaustik soda va metanol ishlab chiqarish majmualarini barpo etish rejalari mavjud. 

Bugungi kunda, O‘zbekiston avtomobilsozlik sanoati tez sur'atlarda rivojlanayotgani hamda mahalliylashtirish darajasining yuqoriligi e'tiborga olingan holda avtomobil, qishloq xo‘jaligi va boshqa turdagi shinalar hamda turli rezina mahsulotlari ham ishlab chiqarilmoqda. 

«O‘zkimyosanoat» AJ tomonidan o‘tgan 5 yil mobaynida 20dan ortiq yirik investitsion loyihalar amalga oshirildi. 390,83 mln. AQSh dollari miqdorida sarmoya o‘zlashtirilib, 30dan ortiq yangi mahsulot ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. 

«O‘zkimyosanoat» AJ, shuningdek, mintaqada mineral o‘g‘itlarning mavjud 3 turi (azotli, fosforli va kaliyli o‘g‘itlar)ni hamda metanol va kaustik soda  ishlab chiqaradigan yagona kompaniya hisoblanadi. U karbamid ishlab chiqarish bo‘yicha Markaziy Osiyo va Sharqiy Yevropada uchinchi, ammiak va ammoniy sulfatini ishlab chiqishda to‘rtinchi yirik kompaniyadir. 

AJ tarkibiga 180dan ortiq tayyor mahsulot ishlab chiqaruvchi 14ta korxona hamda transport, savdo va boshqa xizmatlarni ko‘rsatuvchi 13ta distribyutorlik tashkilotlari kiradi. 

Kompaniya eksporti geografiyasi 30dan ortiq mamlakat hududini qamrab oladi. Yiliga 300 mln. dollardan ko‘proqqa 25 turdan ortiq mahsulot eksport qilinadi.

Ko‘proq yangiliklar: