YuNKTAD: 2015 yilda 300 mlrd dollar atrofidagi pul mablag‘i past soliqli mamlakatlarga o‘tkazilgan

Iqtisodiyot 12:44 / 04.05.2016 3999

Transmilliy kompaniyalar 2015 yilda 221 milliard dollarni past soliqli mamlakatlar, eng avvalo Lyuksemburg va Niderlandiyaga investitsiya qilishgan, yana 72 milliard dollar esa "soliq jannati" mavqeiga ega bo‘lgan mamlakat va hududlar, xususan, Britaniya Virjiniya orollari va Kayman orollariga olib chiqilgan. Bu ma'lumotlar 3 may kuni BMT Konferentsiyasining Jyenevadagi savdo va taraqqiyotga doir ma'ruzasida (YuNKTAD) keltirilgan. 

Tadqiqotda ta'kidlanishicha, o‘tgan yilning dastlabki 9 oyida xorijiy kompaniyalar Lyuksemburg va Niderlandiyaga yirik investitsiyalarni amalga oshirgan. Biroq yilning so‘nggi choragida bu mamlakatlardan milliard dollarlab pul mablag‘lari olib chiqilgan, bu ularning Yevropa Ittifoqining soliq to‘lashdan bosh tortuvchilar bilan kurashga yo‘naltirilgan yangi qoidalarini qabul qilishi bilan bog‘liq. 

2010-2014 yillarda Britaniyaning Virjiniya orollari va Kayman orollariga yo‘naltirilgan dunyo pul oqimlari manbalarining 65 foizi Hongkong, XXR, Rossiya va Braziliyaga to‘g‘ri kelgan.

BMT Konferentsiyasida ta'kidlanishicha, yirik kompaniyalarning "soliqdan qochish" maqsadida pul vositalarini bir mamlakatdan boshqasiga o‘tkazilishi "tashvishga tushish" uchun arzirli sabab. Hukumatlar yirik soliq yo‘qotishlarga duch kelmoqda. 

Soliqdan qochishni bartaraf etish maqsadida YuNKTAD mamlakatlar o‘rtasidagi soliq va investitsiya sohasi koordinatsiyalarini kengaytirishga chorlamoqda.

Ko‘proq yangiliklar: