Twitter aksiyalari rekord darajada pastlab ketdi

Iqtisodiyot 06:43 / 04.05.2016 2149

Twitter mikrobloglar servisiga egalik qiluvchi kompaniya aksiyalari narxi 3 may kuni bu aksiyalar 2013 yil noyabrda AQSh fond bozorlarida ilk marta joylashtirilgandan beri rekord darajadagi past ko‘rsatkichga tushib ketdi. Nyu-York fond birjasida savdo sessiyasi boshlangandan keyin bu ko‘rsatkich 3 foizga, ya'ni 13,9 dollarga tushib ketdi.

Mutaxassislarning baholashicha, bu yilning o‘zida Twitter aksiyalari 39 foizga, kompaniyaning hali uzoq bo‘lmagan tarixi davomida esa umuman 65 foizdan ko‘proqqa arzonlashib ketgan.

Yanvarda kompaniyani birdaniga 4 nafar vitse-prezident tark etdi. Kuzatuvchilarning baholashicha, Twitter Facebook va Instagram kabi raqobatchilaridan foydalanuvchilar sonini oshirish bo‘yicha sezilarli ortda qolmoqda.

Twitter’ning faol foydalanuvchilari soni 2015 yilning oxiriga ko‘ra, 320 mln ga yaqinni tashkil qilgan, ulardan 80 foizi ijtimoiy tarmoqdan smartfon orqali foydalanadi. Foydalanuvchilar har kuni 500 mln dan ortiq "tvit"lar chop etadilar. Kompaniya xodimlari soni 3,9 ming kishini tashkil qiladi.

Twitter reklama va ma'lumotlarni litsenziyalashdan daromad oladi. Kompaniyaning 2015 yil natijalariga ko‘ra tushumi 2,218 mlrd dollarni tashkil qilgan (2014 yilga nisbatan 58 foiz o‘sish). 2015 yil natijalariga ko‘ra kompaniyaning sof ziyoni 521 mln dollarni tashkil qilgan va 9 foizga qisqargan. Kompaniyaning bozordagi kapitallashuvi 2016 yil mart oyiga ko‘ra 12,1 mlrd dollarni tashkil qilgan (2013 yilda kompaniya 26 mlrd dollarga baholangan).

21 mart kuni kompaniya o‘zining tashkil bo‘lganining 10 yilligini nishonladi.

Ko‘proq yangiliklar: