Hindiston Buyuk Britaniyadan “Ko‘hinur” olmosini qaytarish niyatidan qaytmaydi

Jahon 13:44 / 01.05.2016 69132

Hindiston Buyuk Britaniyadan “Ko‘hinur” olmosini qaytarish niyatidan qaytmaydi. Bu haqda 22 aprel kuni bo‘lib o‘tgan brifingda tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Vikas Svarup ma'lum qildi. Uning so‘zlariga qaraganda, “Hindiston mamlakat tarixining qadim asoslaridan biri bo‘lmish qimmatbaxo artefaktni qaytarish masalasida do‘stona sa'y-xarakatlarni amalga oshiradi”. Eslatib o‘tish kerakki, yaqinda Hindiston bosh prokurorining o‘rinbosari Ranjit Kumar Oliy sud jarayonida qilgan chiqishida “Ko‘hinur” Buyuk Britaniya tomonidan o‘g‘irlanmagani, kuch bilan olib ketilmagani bois Hindiston unga da'vogarlik qilishga haqi yo‘qligini aytgan edi. Biroq oradan ko‘p o‘tmay Madaniyat vazirligi bayonot berib, nima bo‘lganda ham Hindiston hukumati olmosni mamlakatga qaytarish maqsadida barcha choralarni ko‘rishini ma'lum qildi.

Tarixchilarning fikricha, noyob tosh maharoja Ranjit Singx tarafidan Britaniyaning Ost-Indiya kompaniyasiga tuhfa etilgan, kompaniya esa, o‘z navbatida, uni qirolicha Viktoriyaga tortiq qilgan. Shu tariqa, olmos talon-taroj qilingan buyum emas, balki britaniyaliklarga berilgan sovg‘adir.

Ko‘hinur - o‘zbekchaga tarjima qilinganida, “tog‘ nuri” degan ma'noni anglatadi. Uning tarixi 1300 yillarga borib taqaladi. Bu olmos haqida turli-tuman afsonalar yuradi.

Uzoq yillar davomida “Ko‘hinur” Malva davlati rojalarining bosh kiyimlarini bezab keldi. Afsonalarga ko‘ra, qachonlardir olmos rojalar tyurbanidan tushib qolgudek bo‘lsa, u xolda barcha malva xalqi qullika tushib qoladi. Shundoq ham bo‘ldi. 1305 yilda Malva Dehli sultoni Olovuddin tomonidan zabt etiladi. G‘olibga boshqa qimmatbaxo toshlar qatorida “Ko‘hinur” ham o‘tadi. Biroq ko‘p o‘tmay olmos yana Malva davlatiga qaytariladi. Uning sohibi Gvaliora rojasi Bikeramit (Vikramaditya) bo‘ladi.

Yillar o‘tishi bilan olmos haqida boshqa afsonalar ham paydo bo‘ladi. Rivoyatlarga ko‘ra, olmos 5 ming yil avval Hindiston janubidan topilgan bo‘lib, u “Maxabharat” dostonidagi afsonaviy qahramon Karnaga tegishli bo‘lgan.

1526 yilda Hindiston buyuk bobomiz Zahriddin Muhammad Bobur tomonidan zabt etiladi. Panipat jangida hind rojasi Bikeramit halok bo‘ladi. Uning rafiqasi oilasiga tegishli bo‘lgan boyliklarni Boburning o‘g‘li Xumoyunga topshiradi. O‘ljalar orasida “Ko‘hinur” ham bor edi. Humoyun barcha o‘ljani, jumladan “Ko‘hinur”ni xam otasiga topshiradi. Biroq Bobur ularni hammasini o‘g‘liga qaytaradi. Ana o‘shandan boshlab Boburiylar sulolasining xukmdorlari “Ko‘hinur”ni tojlaridan aslo tushirmagan. Odamlar olmos Buyuk Boburiylar sulolasining tojida turar ekan, bu sulola aslo zavol ko‘rmasligiga ishonishgan.

“Boburnoma”da yozilishicha, olmos 1294 yili Malva rojasiga tegishli bo‘lgan. Bobur mazkur olmosning qimmati “Tamomi olamning ikki yarim kunlik sarfiga barobar” ekanini aytadi. Bobur va Humoyun Ko‘hinurni “Boburiylar olmosi” deb ataydilar. Humoyunning o‘g‘li buyuk sarkarda Akbar umri davomida olmosga biron marta ham qo‘l tekkizmagan. Keyinchalik afsonaviy tosh Shohjahon ixtiyoriga o‘tadi. Uning o‘g‘li Avrangzeb toshni Lohurdagi Badshoshi masjidiga joylashtiradi. Olmos u yerda 1739 yilgacha saqlanadi. Xukmdor Nodirshox Hindiston xududlarini qo‘lga kiritgach, barcha boyliklarni o‘z tassarufiga olishga intiladi. Ammo “Qo‘xinur”ni topa olmaydi. Minglab odamlar olmosni qidirshga jalb etiladi. Shunda saroy xodimlaridan biri olmos Muhammad ismli amaldorning bosh kiyimiga yashirilganini aytadi. Bazmlardan birida Nodirshox Muhammadga murojaat qilib, do‘stlik rishtalari mustaxkamlanishi yo‘lida sallalarini almashtirishni taklif qiladi. Bu taklifni inkor qilishning imkoni bo‘lmaydi. Bosh kiyim orasida olmosni ko‘rgan Nodirshox “tog‘ nuri” deb baqirib yuboradi. Shu-shu olmos “Ko‘hinur” nomini oladi. O‘z davrida Nodirshoh Ko‘hinurni “Agar bir odam beshta tosh olib birini sharqqa, birini g‘arbga, birini shimolga, birini janubga va beshinchisini osmonga otib, toshlar yetgan manzil oralig‘ini oltin, marvaridlar bilan to‘ldirsa, Ko‘hinur qimmatiga teng boylik bo‘ladi”, degan edi. Olmos bilan vataniga qaytgan Nodirshox uni xech kimga ishonmaydi. 1747 yilda Nodirshox o‘ldirilgach olmos uning kichik o‘g‘li shahzoda Rox qo‘liga o‘tadi. Biroq, u xokimiyatni qo‘lda ushlab tura olmaydi. Shu tariqa “Ko‘hinur”ga Ahmad Abdali (Durr-i-Dauran) egalik qilib, uni Afg‘onistonga olib keladi. U 1773 yilda vafot etadi. Sulola teppasiga o‘g‘li Temur keladi va poytaxtni Qobulga ko‘chiradi. Temurning vafotidan keyin esa farzandlari orasida saroy to‘ntarishlari odatiy xolga aylanadi. Bir-biriga tish qayragan o‘g‘illari xokimiyat uchun kurashar ekan olmosni yashirishga urinadilar. Zamon Mirza olmosni qamoqxona devoriga yashiradi. Biroq qamoxona noziri buni bilib qoladi va olmosni Shuja-ul-Mulkka beradi. Xokimiyat akasi Mahmud qo‘liga o‘tgach olmos yana berkitiladi. Zindondan qochishga muvaffaq bo‘lgan Shuja-ul-Mulk “Qo‘hinur”ni olib oilasi bilan Laxorga keladi. Bu yerda “Panjob yo‘lbarsi” nomini olgan Ranjit Singxning panohida bo‘ladi. Roja olmos haqida xabar topgach nima bo‘lsa-da “Ko‘hinur”ni qo‘lga kiritishga intiladi. Biroq Shuja-ul-Mulkka emas, balki uning xotini Vafo Begumga bosim o‘tkazadi. Ayol qiynoqlarga chiday olmaydi va asirlarni ozod qilish, xavfsizlik ta'minlanishi va nafaqa tayinlanishi evaziga olmosni rojaga beradi. Ranjit Singx bu talablarga rozi bo‘ladi va olmosni qo‘lga kiritadi. U Shuja-ul-Mulkka 125 ming rupiy beradi va har yili 60 ming rupiy miqdorida umrbod nafaqa tayinlaydi.

“Ko‘hinur”ga ega bo‘lgach roja Ranjit Singx Panjobni birlashtiradi. U Hindistonni Buyuk Britaniya xukmronligidan ozod qilishni istaydi va bu ish qo‘lidan kelmaslikni bilib, “Ko‘hinur”dan voz kechishga urinadi. Olmosni Orissadagi Jagganatxa ibodatxonasiga sovg‘a qilishga ahd qiladi. Biroq bu ishni amalga oshira olmay vafot etadi. Merosxo‘rlari rojaning niyatidan bexabar edi. Shu tariqa mamlakatda boshboshdoqlik boshlanadi. 1849 yilda olmos ingliz xukmdorlarining qo‘liga tushadi. Olmos avvaliga Hindiston general-gubernatori ser Jon Lourens tomonidan qo‘lga kiritiladi. Ammo u qimmatbaxo toshga unchalik e'tibor bermaydi. Shu sababli “Ko‘hinur”ning yo‘qolib ketishiga bir bahya qoladi. 1850 yilning 6 aprel kuni “Ko‘hinur” Hindiston xududlaridan olib chiqiladi va Buyuk Britaniyaga 2 iyul kuni olib kelinadi. Qimmatbaxo yukni qabul qilib olgan Ost-Ind kompaniyasi Direktorlar Kengashi Raisi vazifasini bajarib turgan J. V. Logg boshqa qimmatbaxo buyumlar qatori “Ko‘hinur”ni ham qirolicha Viktoriyaga topshiradi. Qirolicha o‘z kundaliklarida shunday yozadi: “Qimmatbaho tosh ajoyib. U Ranjit Singxga tegishli bo‘lib, Laxorda topilgan. Endilikda bu tosh Buyuk Britaniya tojiga taalluqli ekanligidan baxtliman. Men olmoslar tojimizning bir qismiga aylanishi borasida qayg‘uraman”.

1854 yilda qirolicha Ranjit Singxning 15 yoshli yagona o‘g‘li va merosxo‘ri Dalip Singxni Buyuk Britaniyaga taklif qiladi va xukumatning e'tirozlariga qaramay unga bir yilda 15 ming rupiy miqdorida pensiya tayinlaydi. Xokimiyatga 11 yoshida kelgan Dalip Singx ingliz maktabida tahsil oladi va qirolicha Viktoriya bilan uchrashganida olmosni o‘z hohishi bilan qirolichaga sovg‘a qiladi. “Xonim, sodiq qulingiz sifatida “Ko‘hinur”ni sizga berish imkoniyatiga ega bo‘lganimdan g‘oyat mamnunman” deydi Bukingem saroyini qirolicha bilan sayr qilib yurar ekan, “Ko‘hinur” olmosi qo‘yilgan joyga kelgach.

1851 yilda olmos Londonda bo‘lib o‘tgan Katta ko‘rgazmada namoyish qilinadi. 1852 yilga qadar olmos avvalgi ko‘rinishida bo‘ldi. Ingliz zargarlari olmosni o‘zgartirishga qaror qilishdi. Shu tariqa olmos 191 karatdan 108,9 karatga tushib qoldi. 1853 yilda “Ko‘hinur” boshqa, 200 ta kichik xajmdagi olmoslar qatorida qirollik tojiga o‘rnatildi. 1911 yilda esa olmos Qirolicha Mariyaga atab yasalgan tojga ko‘chirildi. 1937 yilda esa yana bir bor - Yelizaveta ikkinchiga taxtga chiqishi munosabati bilan yasalgan tojga o‘rnatildi. Ayni damda “Ko‘hinur” qirolicha Yelizaveta ikkinchining tojlari qatorida Tauer muzeyida saqlanadi. 2002 yilda ona qirolichaning dafn marosimda olmos bilan bezatilgan toj London ko‘chalaridan olib o‘tilgan tobutda edi.

2015 yilning oxirida “Inson huquqlari va ijtimoiy adolat Umumhindiston jabhasi” faollari qimmatbaho toshni Hindistonga qaytarishni talab qilib, Oliy sudga murojaat etgan edi. Ularning fikricha olmos qonunga zid ravishda Buyuk Britaniyaga olib ketilgan ekan. Xuddi shu kabi talabni pokistonlik advokat Javad Iqbol Jafriy ham ilgari surdi. Biroq uning arizasi Laxor sudi tomonidan qabul qilinmadi.

Shuni eslatib o‘tamiz, Buyuk Britaniya rasmiylari qimmatbaho tosh Hindistonga qaytarilishi mumkinligini qat'iyan rad etib keladi. Masalan, 2010 yilda bosh vazir Devid Kemeron, agar bir marta rozi bo‘lsangiz, tez orada Britaniya muzeyi bo‘shab qolganini ko‘rasiz”, — degan edi.

Sharofiddin To‘laganov

Ko‘proq yangiliklar: