Venesuela parlamenti ko‘plab a'zolari mamlakatda keskin oziq-ovqat taqchilligi yuzaga kelgani uchun javobgarlikni mamlakatning oziq-ovqat vaziri Rodolfo Marko Torres zimmasiga yuklab, uning iste'foga chiqarilishi uchun ovoz berdilar. Bu haqda El Impulso nashri xabar bermoqda.
Ta'kidlanishicha, bu qaror loyihasiga deputatlarning beshdan uch qismi ovoz bergan.
Venesuela milliy assambleyasi (parlamenti) rahbari Enri Ramos qabul qilingan qaror haqida mamlakat prezidenti Nikolas Maduroni xabardor qilishga ko‘rsatma berdi.
Marko Torres parlament tomonidan iste'foga ketkazilgan Maduro ma'muriyatidagi birinchi vazir bo‘ldi.
Avvalroq Maduro tegishli tuzatma kiritish yo‘li bilan parlament vakolatlari qisqartirilishi mumkinligini ma'lum qilgandi.