Saylov qonunlarini buzgan xorijliklar O‘zbekiston hududidan chiqarib yuboriladi

O‘zbekiston 11:49 / 29.04.2016 2621

O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov O‘zbekiston respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonuni imzoladi. Bu qonun Qonunchilik palatasi tomonidan 2016 yil 30 martda qabul qilingan, Senat tomonidan 2016 yil 31 martda ma'qullangan. Hujjat matni "Xalq so‘zi" gazetasida chop etilgan. Hujjat e'lon qilingan kunidan boshlab kuchga kirgan.

Jinoyat kodeksining 29-moddasiga kiritilgan o‘zgatirishga ko‘ra, chet el fuqarolari yoki fuqarolikka ega bo‘lmagan shaxslar, saylov qonunlarini buzgan hollarda hamda taqiqlangan ekstremistik adabiyotlarni olib kelgani va tarqatgani uchun O‘zbekiston hududidan chiqarib yuborilishi mumkin.

Chet el fuqarolari va fuqarolikka ega bo‘lmagan shaxslar Markaziy Saylov qo‘mitasi faoliyatiga aralashganda, saylov komissiyalari faoliyatiga aralashganda, referendum o‘tkazish komissiya faoliyatiga aralashganda, saylovni yoki referendumni moliyalash tartibini buzganda Respublika hududidan chiqarib yuboriladi. Oldin ushbu qoidabuzarliklar uchun jazo qonunda ko‘rsatilmagan edi.

Shuningdek, mitinglar, yig‘ilishlar, namoyishlar tashkil qilish va o‘tkazish tartibi buzilganda, milliy, irqiy, etnik yoki diniy qarama-qarshilik targ‘ib qilingan holatlarda, pornografiya, narkotik moddalar, psixotrop moddalar va qalbaki dorilar tayyorlagan va tarqatganlik uchun chet el fuqarolari O‘zbekiston hududidan chiqarib yuboriladi.

Ma'muriy kodeksga ko‘ra, chet el fuqarolarini va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni O‘zbekiston Respublikasi hududidan ma'muriy tarzda chiqarib yuborish ularning O‘zbekiston Respublikasiga kirish huquqi keyinchalik bir yildan uch yilgacha muddatga cheklangan holda, majburiy yoki nazorat ostida mustaqil ravishda chiqib ketishidan iborat. Ma'muriy tarzda chiqarib yuborish tuman (shahar) sudining ma'muriy ishlar bo‘yicha sudyasi tomonidan qo‘llaniladi.

Chet el fuqarolarini va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni O‘zbekiston Respublikasi hududidan ma'muriy tarzda chiqarib yuborish to‘g‘risidagi qarorni ijro etish mazkur shaxslar qaysi chet davlat hududiga chiqarib yuborilayotgan bo‘lsa, o‘sha chet davlatning hokimiyat vakiliga ularni rasmiy ravishda topshirish yoxud chiqarib yuborilayotgan shaxsning O‘zbekiston Respublikasi hududidan nazorat ostida mustaqil ravishda chiqib ketishi yo‘li bilan amalga oshiriladi.

Agar chiqarib yuborilayotgan shaxsni chet davlat vakiliga topshirish O‘zbekiston Respublikasining mazkur davlat bilan tuzilgan shartnomasida nazarda tutilmagan bo‘lsa, chiqarib yuborish O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmatining Davlat chegaralarini himoya qiluvchi qo‘mitasi tomonidan belgilanadigan joyda amalga oshiriladi.

Chet el fuqarosini yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsni O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasidan o‘tkazish punkti orqali chiqarib yuborish to‘g‘risida mazkur shaxs qaysi chet davlat hududiga (hududi orqali) chiqarib yuborilayotgan bo‘lsa, o‘sha chet davlatning hokimiyat vakillari, agar O‘zbekiston Respublikasining ushbu davlat bilan tuzilgan shartnomasida nazarda tutilgan bo‘lsa, xabardor qilinadi.

Chet el fuqarolarini va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni ma'muriy tarzda chiqarib yuborish to‘g‘risidagi qarorni ijro etish dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi

Ko‘proq yangiliklar: