Latviya davlat politsiyasi mamlakat poytaxti Riga shahrida qalbaki dollarlarni yuqori sifatda ishlab chiqaradigan bosmaxonani aniqladi. Hibsga olingan shaxslardan 3,5 million dollar musodara qilingan.
TASS agentligi xabariga ko‘ra, bu ko‘p yillardan buyon Latviyada musodara etilgan eng katta miqdordagi qalbaki pullar hisobalanadi.
Latviya Davlat politsiyasi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi raisi Peteris Bauska matbuot anjumanida mahalliy korxonalarning birida qalbaki pullar ishlab chiqaruvchi bosmaxona topilgani to‘g‘risidagi ma'lumotni tasdiqladi.
Bosmaxonada zarb etilgan pullarning sifat darajasi shu qadar yuqori bo‘lganki, ularni haqiqiy pullardan faqatgina maxsus skaner yordamida ajratish mumkin edi.
Latviya politsiyasi AQSh hukumati va Yevropa Ittifoqi politsiya xizmati (Yevropol) bilan hamkorlikda o‘tkazgan tergov-surishtiruv ishlari doirasida jami 13ta reyd amalga oshirildi. Natijada, qalbaki banknotalar hamda ularni ishlab chiqaruvchi uskunalar musodara etildi. 7 kishi qo‘lga olingan, ulardan to‘rt nafari hibsda qolmoqda. Ularga mol-mulk musodarasi bilan birga 10 yilgacha qamoq jazosi xavf solmoqda.