AQSh fuqarosi Shimoliy Koreyada 10 yillik qamoq jazosiga mahkum qilindi

Jahon 11:02 / 29.04.2016 1538

Shimoliy Koreyada o‘tgan yili hibsga olingan, AQShning koreys millatiga mansub fuqarosi Kim Don Chxol Shimoliy Koreya oliy sudi tomonidan josuslik qilish aybi bilan 10 yillik qamoq jazosiga mahkum qilindi.

62 yoshli amerikalik Shimoliy Koreyaning sharqidagi Rason savdo-iqtisodiy hududida qo‘lga olingan. U bu yerda tadbirkorlik va xayriya faoliyatida ishtirok etishini ro‘kach qilib, josuslik faoliyatini olib borgan. Keyinroq ayblanuvchi Janubiy Koreya razvedkasi topshirig‘i bilan Shimoliy Koreyada turli ma'lumot, jumladan harbiy xarakterdagi ma'lumot yig‘ish bilan shug‘ullangani, aholi orasidagi kayfiyatlar, oziq-ovqat bozorlaridagi vaziyat haqida ma'lumotlar berib turganini tan olgan.

Kim Don Chxol "Shimoliy Koreyaga qarshi mudhish jinoyat qilganini, jumladan Pxenyanga qarshi yovuz tashqivot olib borganini tan oldi va qilmishlari uchun uzr so‘rab, unga rahm-shafqat ko‘rsatilishini iltimos qilgan".

Prokuror qattiqqo‘lroq hukm chiqarilishini talab qilgan, biroq sud ayblanuvchining tergovga ko‘mak ko‘rsatgani, chin yurakdan pushaymonligi va keksa yoshini hisobga olib, yumshoqroq hukm chiqardi.

Kim Don Chxol 19 yoshigacha Seulda yashagan, so‘ngra AQShning Virjiniya shtatiga ko‘chib o‘tib, shu yerda oliy ta'lim va AQSh fuqaroligini olgan.

Ko‘proq yangiliklar: