«Bavariya» jamoasi bosh murabbiyi Xosep Gvardiola YeChL yarimfinalida «Atletiko»ga qarshi kechgan va 0:1 hisobidagi mag‘lubiyat bilan yakunlangandan keyin jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.
«Uchrashuvning 75 foiz vaqtida yaxshi o‘ynadik deb o‘ylayman. Gol urish uchun yetarli vaziyatlarimiz bo‘ldi, ammo buni uddalay olmadik.
YeChLning qaysi jamoasi safarda gol urish uchun bugun bizda bo‘lgan imkoniyatga ega bo‘lgan ekan, bilmayman. Odatda bizga bu qadar ko‘p imkoniyat berishmaydi.
Myullerga kelsak, u asosiy tarkibda tushmadi, bizga chap qanotda chapaqay , o‘ng qanotda o‘ng oyoqda tepadigan hujumchi kerak edi. Buning ustiga markazni mustahkamlash uchun qo‘shimcha yarimhimoyachidan foydalanishni istagan edik», – deydi Gvardiola.
Ma'lumot uchun, «Bavariya» yarim finalning javob o‘yinini 3 may kuni «Atletiko»ga qarshi o‘z maydonida o‘tkazadi. Chempionlar Ligasining joriy mavsumida «Bavariya» o‘z maydonidagi barcha uchrashuvda zafar quchgan.