Vostochniy kosmodromidan birinchi raketa parvozi amalga oshirildi. "Soyuz-2.1a" raketa-tashuvchisi "Mixaylo Lomonosov", "Aist-2D" va SamSat-218D sun'iy yo‘ldoshlari bilan 28 aprelda Toshkent vaqti bilan soat 07:01 da fazoga ko‘tarildi. Foydali yuklamani orbitaga "Volga" tezlashtiruvchi bloki yetkazadi. Bu haqda "Roskosmos" agentligi matbuot bayonotida ma'lum qilindi.
Raketaning bosh qismining 3-pog‘onadan ajralishi 07:10ga belgilangan edi. SamSat-218D nanoyo‘ldoshi "Volga" blokidan 09:07 da, undan 10 soniyadan keyin "Mixaylo Lomonosov" va "Aist-2D" yo‘ldoshlari ajralishi kerak. "Soyuz"ning 1-pog‘onasi Amur viloyatiga, 2-pog‘onasi va bosh obtikatel esa Yoqutistonga tushishi hisoblab chiqilgan. Raketaning 3-pog‘onasi esa orbitada kosmik chiqindi sifatida qoladi. "Volga" blokining yonib ketmagan bo‘laklari okeanning kemalar qatnamaydigan hududiga soat 14:05 da tushadi.
Raketaning 27 aprelga belgilangan parvozi texnik sabablarga ko‘ra parvozga 1,5 daqiqa qolganda avtomatik rejimda bekor qilingandi.
"Mixaylo Lomonosov" yo‘ldoshi koinot tadqiqotlari o‘tkazish, Yer atmosferasining yuqori qatlamlarida tranziyent yorug‘lik hodisalari, magnitosferaning radiatsion xarakteristikalarini o‘rganish uchun mo‘ljallangan. Qurilmani Yerdan 490 km balandlikda uchirish mo‘ljallangan. Yo‘ldoshning og‘irligi 645 kg ni tashkil qiladi. Yo‘ldoshning rejalashtirilgan xizmat muddati 3 yilni tashkil qiladi. Yo‘ldoshga Mixail Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti buyurtma bergan, "VNIIEM" korporatsiyasi tomonidan yaratilgan.
"Aist-2D" Yerni masofadan zondlash optik-elekron qurilmasining og‘irligi 531 kg ni tashkil qiladi va yangi obektivga ega.
SamSat-218 nanoyo‘ldoshi esa texnologik va ta'limiy vazifalarni bajarish uchun mo‘ljallangan. U nanoyo‘ldoshlarning oriyentatsiyasini boshqarish algoritmlarini sinovdan o‘tkazish uchun qo‘llanadi. Olimlar uning bortidagi jarayonlarni GlobalStar yo‘ldoshli aloqa tizimiga ulangan mobil qurilma yordamida boshqarishmoqchi.
"Soyuz" raketasi va "Volga" tezlashtiruvchi bloki "Progress" raketa-kosmik markazida yaratilgan.