2015 yil yakuni bo‘yicha umumiy jinoyatlar soni 1,6 foizga, voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar 8,4 foizga, maydon hamda madaniyat va istirohat bog‘larida sodir etiladigan jinoyatlar soni esa 1,9 foizga kamaygan. Shunga qaramasdan, hamon ko‘cha-kuyda xotin-qizlarning taqinchoqlarini yechib olib qochish holatlari oz bo‘lsa-da, uchrab turganligi dilni xufton qiladi. Bu haqda “Postda” nashri yozmoqda.
Toshkentning Uchtepa tumanida noma'lum shaxslar ko‘chada ketayotgan 62 yoshli onaxonning bo‘ynidan sariq metalldan yasalgan zanjirni yulib, olib qochishgan. Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan ko‘rilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida ushbu talonchilik jinoyatini Toshkent shahridagi Olmazor tumanida yashovchi 1976 yilda tug‘ilgan I. va 1990 yilda tug‘ilgan F. ismli shaxslar sodir etganligi aniqlanib, ular qo‘lga olindi.
2016 yilning 19 yanvar kuni soat 23:00 larda Namangan viloyati Chust tumanidagi avtoturargohda noma'lum shaxs “Neksiya” rusumli avtomashinasida xuddi shu rusumdagi avtotransport vositasini yo‘lini to‘sib, mashinada yo‘lovchi sifatida ketayotgan 1980 yilda tug‘ilgan Kamola (ismlar o‘zgartirilgan)ni kuch ishlatish yo‘li bilan qo‘rqitib, uning uyali telefon apparati va bo‘ynidagi sariq metalldan yasalgan zanjirini yulib olib, qochib ketgan. Olib borilgan tezkor-qidiruv chora-tadbirlari natijasida ushbu talonchilik jinoyatini Chust tumanida yashovchi 1993 yilda tug‘ilgan Sh.ismli yigit sodir etgani aniqlandi.
Kimdir Buxoro shahridagi 12-maktabning 1-sinf o‘quvchisi Gulchiroyni aldab, qulog‘idagi sirg‘asini yechib olib, voqea joyidan yashirinadi. Tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida ushbu jinoyatni Buxoro tuman Losha qishlog‘ida yashovchi, hech qayerda ishlamaydigan, 1996 yilda tug‘ilgan N. Ismli qiz sodir etgani ma'lum bo‘ldi va qo‘lga olindi. Tergov jarayonida bu “uddaburon” qiz 33-maktabning 5-sinf o‘quvchilari bo‘lgan Sarvinoz va Oydinnisoni pichoq bilan qo‘rqitib, ularning quloqlaridagi ziraklarini yechib olganligi ham fosh etildi.