Osiyoda o‘zaro hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha Maslahatlashuv kengashiga a'zo davlatlar tashqi ishlar vazirlarining beshinchi uchrashuvi ochilishi marosimida nutq qilgan XXR raisi Si Tszinpin, Xitoy hukumati Koreya yarimorolidagi vaziyat tubdan izdan chiqishiga va bu yerda jangovar harakatlar bo‘lishiga yo‘l qo‘ymasligi haqida bayonot berdi.
"Koreya yarimorolida urush va tartibsizlik kelib chiqishiga yo‘l qo‘ymaymiz. Bunday keskinlik hech bir tomon manfaatlariga mos kelmaydi", — degan Si Tszinpin. Uning e'tirof etishicha, Xitoy BMT Xavfsizlik kengashining KXDR bo‘yicha rezolyutsiyalariga to‘liq amal qilmoqda.
"Xitoy Koreya yarimorolining yadro qurolidan xoli bo‘lishi, mintaqada tinchlik va barqarorlik hukm surishi hamda muammoning tinch yo‘l bilan hal etilishi tarafdori", — deb xulosa qilgan XXR raisi.
Koreya yarimorolidagi vaziyat 2016 yil 6 yanvarida yadro sinovi o‘tkazib, 7 fevralda Yerning sun'iy yo‘ldoshi bo‘lgan raketa uchirgach keskinlashgan edi.
2016 yil 2 martida Pxenyanning mas'uliyatsiz siyosatiga javoban BMT Xavfsizlik kengashi yakdillik bilan KXDRga nisbatan jazo choralarini kuchaytirishga qaror qilgandi. Unga binoan, Shimoliy Koreyadan ko‘mir, temir rudasi, titan, vanadiy, oltin va boshqa qimmatbaho rangli metallar importi hamda u yerga raketa va aviatsiya yoqilg‘isi eksporti taqiqlangan edi. Bundan tashqari, bank sohasi ham jazo choralaridan chetda qolmaydi. Shu bilan birga, yadro va raketa dasturlari bilan bog‘liq tashkilotlar va shaxslarga nisbatan jiddiy choralar ko‘rish belgilangan.