O‘zbekiston 24 dona zamonaviy lokomotiv xarid qiladi

O‘zbekiston 18:05 / 28.04.2016 4654

O‘zbekiston yaqin to‘rt yil mobaynida xorijda ishlab chiqarilgan 24 ta zamonaviy lokomotiv xarid qiladi, deb xabar qilmoqda Sputnik internet nashri "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJdagi manbasiga tayangan holda. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu tashabbusni Davlat rahbari ma'qullagan. Hozirda, "O‘zbekiston temir yo‘llari"ga xaridning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish topshirilgan.

Kompaniya rejalariga ko‘ra, xorijdan sotib olinadigan lokomotivlarning 16tasi yuk tashish, 8tasi yo‘lovchi tashishga mo‘ljallangan bo‘ladi. Natijada, ekspertlarning fikricha, 2020 yilga kelib, kompaniya yo‘lovchi va yuk tashish hajmini 1,2 martaga oshiradi.

Yangi texnikalarning barchasi elektr energiyasida ishlaydi. Bu esa o‘zbek temir yo‘llarini butunlay elektrlashtirish bilan bog‘liq. Xususan, kelasi 4 yil mobaynida Samarqand-Buxoro, Qarshi-Termiz, Pop-Qo‘qon-Marg‘ilon-Andijon temir yo‘llarini elektrlashtirish ishlari poyoniga yetkaziladi.

"O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ rahbariyati Xitoyning CNTIC-CNRDLRC kompaniyasidan katta miqdorda temir yo‘l texnikasini xarid qilishni rejalashtirayotgani haqida ma'lum qilgan edi. Ayni kompaniya O‘zbekiston sharoitlariga moslashtirilgan O'zel rusumli lokomotivlarini yetkazib bergan.

Bugungi kunda, mamlakat temir yo‘l texnikasi parkida 50 ta zamonaviy elektrovoz mavjud. 2016 yil oxiriga kelib, zamonaviy lokomotivlar soni 70 foizni tashkil etishi kutilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: