Novosibirskda 1998 yildan 2006 yilgacha amalga oshirilgan 17 qizning qotilliklarida ayblanayotgan 51 yoshli erkak qo‘lga olindi. Bu haqda Rossiya tergov qo‘mitasining viloyat bo‘yicha tergov boshqarmasi xabarida aytilmoqda.
Tergovning ta'kidlashicha, qo‘lga olingan erkak qizlarning "intim xizmatlaridan foydalangan", so‘ngra ularni o‘ldirib, bo‘laklab, tana qismlarini Novosibirsk va viloyatning turli hududlarida qoldirib ketgan.
Jinoyatlar zamonaviy texnikani qo‘llagan holda katta ko‘lamdagi kriminalistik ekspertizalar tufayli fosh etildi. 3 mingga yaqin guvoh so‘roq qilingan, 300 dan ortiq molekulyar-genetik tadqiqot o‘tkazilgan. Natijada mutaxassislar taxmin qilinayotgan qotilning genotipini olishga muvaffaq bo‘lishgan.
"5 ming kishining genotiplari bilan taqqoslash vaqtida ayblanuvchining namunasi ko‘p epizodli jinoiy ish bo‘yicha ashyoviy dalillarda topilgan genotip bilan mos tushgan", deyilmoqda xabarda.
Jinoyatchi yashagan va bo‘lgan joylarda 10 dan ko‘proq tintuv o‘tkazilgan. Ayblanuvchi hibsga olindi. Unga qarshi Rossiya jinoyat kodeksining "Ikki va undan ko‘proq shaxsni o‘ldirish" moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi.