Norvegiyadagi hayvonot bog‘ida bolalar ko‘z o‘ngida zebra yo‘lbarslarga "tortiq qilindi"

Jamiyat 07:05 / 28.04.2016 2024

Norvegiyaning Kristiansann hayvonot bog‘i xodimlari yo‘lbarslarning oziqasini tabiiyroq ko‘rinishga keltirishga qaror qilishdi. Yirtqichlarga zebrani "tatib ko‘rish" taklif qilindi. Zebra hayvonot bog‘iga tashrif buyurgan bolalar ko‘z o‘ngida boshidan judo qilinib, yo‘lbarslar qafasiga tashlandi. 

Bu holatdan cho‘chib ketgan ota-onalar o‘z bolalarini "vahshiy tomoshadan" uzoqroq olib ketishga tushishdi. "Tabiiy nonushta" fotosuratlari internetda paydo bo‘lganda, hayvonot bog‘i nomiga tanqidlar shiddat bilan yog‘ila boshladi.

Bu orada hayvonot bog‘i xodimlari bu jarayonda bolalarga shikast yetkazuvchi hech qanday holat yo‘qligiga ishonch bildirishmoqda.

"O‘ylaymanki, ko‘plab odamlar yo‘lbarslar go‘sht yeyishini biladilar. Buni berkitishdan ma'no yo‘q deb hisoblayman. Yirtqichlarga bunday nimtalangan go‘sht berilganda, ular uni tishlari va tirnoqlari bilan nimtalashlariga to‘g‘ri keladi. Ya'ni o‘zlarini yovvoyi tabiatda tutgandek tutadilar", deb hayvonot bog‘i bosh veterinari Rolf-Arne Olbergning so‘zini keltirib o‘tdi Daily Mail nashri.

Shu bilan birga hayvonot bog‘i ma'muriyati zebra sog‘lom bo‘lganini tan oldi. Uni so‘yishga esa hayvonot bog‘ida zebralar juda ko‘payib ketgani sabab bo‘lgan.

Avvalroq Kopengagen hayvonot bog‘ida tashrif buyuruvchilar ko‘z o‘ngida jirafa o‘ldirilib, nimtalangan edi.

Ko‘proq yangiliklar: