Qashqadaryo viloyatida ham fuqarolar yig‘inlari raislari va ularning maslahatchilari saylovini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi komissiya va ishchi guruhlar tomonidan bu jarayonning oshkoralik va tenglik tamoyillari asosida o‘tishini ta'minlashga alohida e'tibor qaratilayotir. Mutasaddi tashkilotlar vakillari ishtirokida saylovoldi tushuntirish-targ‘ibot tadbirlari, seminar-yig‘ilishlar o‘tkazilib, ommaviy axborot vositalari orqali muntazam yoritilmoqda. Bu haqda “O‘zA” xabar bermoqda.
Viloyat bo‘yicha 660 nafar rais va ularning 6 mingdan ziyod maslahatchisi saylanishi rejalashtirilgan. Mahallalar faoliyatidagi bu muhim tadbirga tayyorgarlik ishlarida fuqarolar yig‘inlari raislari va ularning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda o‘tkazishga ko‘maklashuvchi Qarshi shahar komissiyasi ham faol ishtirok etmoqda.
Bo‘lajak saylovda Qarshi shahrida 62 nafar rais va ularning 930 dan ortiq maslahatchisi saylanadi.