Janubiy Koreyaning Hyundai kompaniyasi 2018 yilda butunlay elektrmotorda ishlaydigan krossoverni ishlab chiqishni rejalashtirmoqda. Bu haqda kompaniyadagi manbasiga tayangan holda The Korean Herald gazetasi yozmoqda.
Yangi yo‘ltanlamasni ishlab chiqishga oid tadqiqot ishlari Hyundai’ning Namyangdagi ilmiy-tadqiqot markazida boshlanib ketgan. Uning batareyalari bir marta quvvatlantirilgach, 320 km.gacha masofani bosib o‘ta oladi. Bu esa Ioniq gibrid modelining akkumulyator yordamida bosib o‘tadigan masofasidan 2 marta ko‘pdir.
Toyota Prius’ga raqobatchi bo‘lishi kutilayotgan Hyundai Ioniq’ning taqdimoti 2016 yil boshlarida bo‘lib o‘tgandi. Uning kuch agregatiga 105 ot kuchiga ega 1,6 litr hajmli benzinli motor va 43,5 quvvatli elektr motor kiritilgan. Bundan tashqari, to‘plamga litiy-polimer batareyasi va oltibosqichli «avtomatik» uzatmalar qutisi kiradi.
Fevral oyida bo‘lib o‘tgan Chikago avtosalonida Kia Niro gibrid modeli ham ommaga namoyish etilgandi. U ham Ioniq platformasida ishlab chiqilgan va uning kuch agregatlari o‘rnatilganiga qaramay, «Niro» matbuot hamda jamoatchilikning keng qiziqishini uyg‘ota oldi. Ayni holat, Hyundai kelgusi elektrokarini yo‘ltanlamas sifatida ishlab chiqish borasida qaror qilishiga omil bo‘ldi.
Bundan avval, Hyundai 2017 yilda yangi avlod yoqilg‘isida ishlovchi motorga ega mashinani ishlab chiqishi oshkor bo‘lgandi. U, vodorodli krossover ix35 Fuel Cell o‘rnini egallashi kutilmoqda.