AQSh prezidenti lavozimiga nomzod milliarder Donald Tramp AQSh prezidenti Barak Obamaning tashqi siyosati "falokatli xarakterga" egaligini aytdi.
"Na uzoqni ko‘ra bilish, na maqsad, na yo‘nalish va na strategiya. Agar prezident Obamaning maqsadi Amerikani zaiflashtirish bo‘lgan bo‘lsa, unda u bu ishni hozirgidan yaxshiroq qila olmagan bo‘lardi", deb aytdi Tramp.
Trampning fikricha, AQSh hukumati Eronning sezilarli kuchayishida, Shimoliy Koreyaning to‘liq nazorat ostidan chiqishida, Xitoyning kiberhujumlariga qarshi tura olmaslikda va 2011 yilda Misrdagi siyosiy inqirozda aybdor. Tramp, shuningdek, AQSh Iroq, Suriya va Liviyaga nisbatan siyosatida ham bir qator xatolarga yo‘l qo‘yganini ta'kidlab o‘tdi. Milliarderning fikricha, Vashingtonning harakatlari Yaqin Sharqdagi alg‘ov-dalg‘ovlarga olib kelgan.
Shu munosabat bilan milliarder AQSh mudofaasi zimmasiga tushadigan bir qism xarajatlarni uning ittifoqdoshlari zimmasiga yuklashni taklif qildi. Bundan tashqari, Tramp AQShning harbiy va iqtisodiy qudratining oshirilishi zarurligini aytdi hamda Rossiya va Xitoyning jahon arenasida kuchayib borayotganini ta'kidlab o‘tdi.
Tramp, Rossiya va AQSh munosabatlari haqida to‘xtalib, bu ikki davlatni kelajakda tinchlik-totuvlikda ko‘rish istagini bildirdi.