Canon’ning daromadi 39 foizga tushib ketdi

Fan-texnika 18:49 / 28.04.2016 1708

Canon kompaniyasi rivojlanayotgan bozorlarda ixcham raqamli kameralar va lazer printerlarga talabning sustligi sababli daromadi 39 foizga tushib ketganini ma'lum qildi. Yapon ishlab chiqaruvchisi chorak natijalari past bo‘lgani sababli joriy yilga daromadlar bo‘yicha prognozini pasaytirdi.

Canon’ning 2016 yilning yanvar-mart oylari davomidagi operatsion daromadi 40,1 mlrd iyenni (361,4 mln dollar) tashkil qildi, bu esa bir yil avvalgi ko‘rsatkichdan 39 foiz kamroqni tashkil qildi. Thomson Reuters tahlilchilari kompaniyaning daromadi 67,74 mlrd iyen atrofida bo‘lishini taxmin qilishgandi.

Canon’ning 2016 yilning 1-choragidagi sof daromadi o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan 17,5 foiz kamroq bo‘lib, 28 mlrd iyenni (253 mln dollar) tashkil qilgan. Tushum esa 7 foizga kamayib, 797,2 mlrd iyenni (7,1 mlrd dollar) tashkil qilgan.

Canon’ning bunday past ko‘rsatkichlari asosan fotoapparatlar savdosi qisqargani bilan bog‘langan. Fotoapparatlar uchun javob beruvchi bo‘linma 1-chorakda 19,1 mlrd iyen (176,6 mln dollar) operatsion daromad olgan, bu esa bir yil avvalgi ko‘rsatkichdan 33 foiz kamroqni tashkil qilgan. Tushum esa 10,6 foizga kamayib, 234,8 mlrd iyenni (2,1 mlrd dollar) tashkil qilgan.

Canon joriy yil natijalariga ko‘ra sof daromad va tushumni mos ravishda 200 mlrd iyen (1,8 mlrd dollar) va 3,6 trln iyen (32,5 mlrd dollar) atrofida prognoz qilmoqda. Avvalroq kompaniya bu ko‘rsatkichlarni mos ravishda 260 mlrd va 3,85 trln iyen atrofida baholagandi. Kompaniya prognozini qayta ko‘rib chiqishini Xitoy va rivojlangan davlatlar iqtisodiyotining sekinlashishi hamda iyena kursining oshishi bilan tushuntirgan.

Ko‘proq yangiliklar: