Vostochniy kosmodromidan amalga oshiriladigan birinchi parvozning yangi sanasi ma'lum qilindi

Jahon 22:53 / 27.04.2016 1066

Rossiya davlat komissiyasi Vostochniy kosmodromidan "Soyuz-2.1a" raketa-tashuvchisining parvozini 28 aprelda Moskva vaqti bilan soat 5:01da amalga oshirish haqida qaror qabul qildi. Bu haqda "Govorit Moskva" radiostansiyasidagi manba ma'lum qildi.

27 aprelda amalga oshirilishi kerak bo‘lgan parvoz bekor qilindi. Parvozni to‘xtatishga buyruq parvozga bir daqiqa qolganda berilgan. Parvoz maydonchasida o‘rnatilgan raketa orbitaga "Mixaylo Lomonosov", "Aist-2D" va "SamSat-218D" sun'iy yo‘ldoshlarini olib chiqishi kerak. Parvozni kuzatgani Blagoveshchenskga Rossiya prezidenti Vladimir Putin yetib keldi.

Keyinroq Putin parvozning bekor qilinishi sababi kosmodromda emas, balki raketa majmuasida ekanligini aytgan. Putin bu muammolarni yangi texnikani o‘zlashtirishda yuz berishi mumkin bo‘lgan tabiiy qiyinchiliklarga yo‘ygan.

Kosmodromning qurilishi mablag‘larni talon-taroj qilish hamda ishchilarning ish haqi ushlanishi tufayli ommaviy ish tashlashlari va ochlik e'lon qilishlari bilan bog‘liq mojarolar bilan bormoqda. O‘tgan yil yanvarida Rossiya Hisob palatasi rahbari Tatyana Golikova kosmodrom qurilishida talon-taroj qilingan mablag‘ miqdori 13 mlrd rubldan oshib ketganini ma'lum qilgan.

Ko‘proq yangiliklar: