Venesuela davlat xizmatchilari haftada ikki kun ishlaydigan bo‘lishdi

Jahon 11:41 / 27.04.2016 1152

Venesuelada tashkilotlar va korxonalar tomonidan elektr energiyasini tejashning antiqa usuli o‘ylab topildi. Mamlakat vitse-prezidenti Aristobulo Isturisning ma'lum qilishicha, shu maqsadda joriy qilinayotgan yangi ish tartibiga ko‘ra, davlat xizmatchilari haftaning dushanba va seshanba kunlari ishga kelishadi xolos.

Bundan avval, Venesuela hukumati juma kunini ham dam olish kuni deb e'lon qilgan, elektr energiya uzatishni davriylashtirgan hamda soat millarini 30 daqiqa oldinga surgan edi. Bularning barchasi, mamlakatdagi elektr ta'minoti bilan bog‘liq muammolarga qarshi choralar sifatida amalga oshirilgandi.

"Davlat idora va tashkilotlari uchun jumadan tashqari chorshanba va payshanba kunlarini ham dam olish kuni deb belgilashga qaror qilindi. Xalq ta'limi muassasalari ham shu kunlarda ishlamaydi", — deya Isturis so‘zlarini keltiradi El Nacional portali.

Xabarlarga qaraganda, "El-Guri" GESdagi mamlakatning eng yirik suv omborida suv sathi eng quyi ko‘rsatkichga tushib ketgan. Energetika vaziri Luis Motta Domingesning ma'lum qilishicha, hozirda uning sathi 241,6 metrni tashkil etmoqda. Bungacha u 2003 yilda 244 metrgacha pasaygan edi. Hukumat vakillari "El-Nino" iqlim ko‘rinishini suv sathi pasayishining asosiy omili, deb aytishmoqda.

Umuman, so‘nggi yillarda Venesuela elektr ta'minotida keng qamrovli uzilishlar bo‘lishi odatiy tusga kirib qolgan. Bu holat, ayniqsa, issiq mavsumda ko‘proq kuzatiladi. Venesuela elektr energetika sohasi Ugo Chaves davrida milliy mulkka aylantirilib, davlat hisobiga o‘tkazilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: