Simeone «Malaga»ga qarshi o‘yinda maydonga ikkinchi to‘p tashlangani uchun mavsum oxirigacha diskvalifikatsiya qilindi

Sport 20:44 / 27.04.2016 2686

Ispaniya futbol federatsiyasi tartib-intizom qo‘mitasi «Atletiko» jamoasi bosh murabbiyi Diyego Simeoneni ichki chempionatning 35-turda «Malaga»ga qarshi uchrashuvdagi (1:0) voqea sababli uch o‘yinga diskvalifikatsiya qildi.

Uchrashuvning birinchi bo‘limi oxirlarida «Malaga»ning xavfli hujumi vaqtida madridliklar zaxira o‘rindig‘i hududida turib maydonga ikkinchi to‘pni tashlab yuborilgan. Vaziyat hakam Antonio Migel Mateu Laosning madridliklar jamoasi bosh murabbiyi Simeoneni o‘yin jarayoniga ta'sir ko‘rsatishda ayblab, maydondan chetlatishi bilan yakunlangandi.

Bu vaziyatda 45 yoshli Simeone raqib hujumi vaqtida maydonga to‘p yetkazuvchi bolaga (bolboy) to‘pni maydonga uloqtirish ishorasini bergan. Madridliklar tomoni bolboyning o‘zi hech qanday ko‘rsatmasiz to‘pni uloqtirganini ta'kidladi.

Agar intizom qo‘mitasi bu versiyaga ishonganida, maydon chimi holatiga mas'ul xodim bo‘lgan Karlos Penya jazolangan bo‘lardi.

Shu tariqa, Simeone ushbu mavsumning qolgan uchrashuvlarini («Rayo Valekano», «Levante» va «Selta»ga qarshi) tribunalardan tomosha qiladi.

Ko‘proq yangiliklar: