2015 yilning noyabrida sodir etilgan Parij teraktlari ijrochiligida gumon qilinib, hibsda saqlanayotgan terrorchi Saloh Abdislom Fransiyaga ekstraditsiya qilindi. Bu haqda Belgiya prokuraturasi ma'lum qilgan.
Belgiyadagi nashrlarda yozilishicha, uni fransuzlarga topshirish amaliyoti chorshanbaga o‘tar kechasi maxfiy tarzda amalga oshirilgan.
Belgiyada tug‘ilgan, kelib chiqishi fransiyalik bo‘lgan 26 yoshli Saloh Abdislom 130 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan teraktlarni uyushtirgan va gu vaqtgacha omon qolgan ikki kishidan biri hisoblanadi.
U portlashlar vaqtida Parijda bo‘lganini inkor etmagan.
U shuningdek, teraktlar tashkilotchilaridan biri hisoblanadi. Politsiya taxminiga ko‘ra, u oxirgi lahzada o‘zinini portlatishni istamagan.
Advokat Sven Marining aytishicha, uning mijozi Belgiya va Fransiya politsiyasi bilan hamkorlik qilishga rozi bo‘lgan.
"Uning ko‘rsatmalari oltindan qimmat bo‘lishi mumkin", degan Mari.
Abdislom 18 mart kuni Bryussel yaqinida qo‘lga olingandi. Uning qo‘lga olinishidan 4 kun o‘tib, Bryussel aeroporti va metrosida teraktlar amalga oshirildi. Bu portlashlar tufayli 35 kishi halok bo‘lib, 300dan ortiq kishi jarohatlandi. Lekin Belgiya hukumati bu teraktlar o‘rtasida bog‘liqlik yo‘qligini bildirdi.
Abdislom bilan birga yana 4 kishi Parij teraktlariga aloqadorlikda gumon qilinib, qo‘lga olingandi.
Avvaliga u o‘zini Fransiya hukumatiga topshirishlariga rozilik bildirmadi, ammo keyinroq o‘z fikrini o‘zgartirdi. Advokatning izohlashicha, uning mijozi Fransiya hukumatiga barchasini izohlamoqchi.