Rossiya kommunistik partiyasi deputatlari Valeriy Rashkin va Sergey Obuxov mamlakat prezidenti Vladimir Putin, tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov va mudofaa vaziri Sergey Shoygularga qilgan murojaatida, Lurdesdagi radioelektron markazi faoliyatini qayta tiklash hamda Kubada raketa majmualarini o‘rnatish taklifini ilgari surishdi. Deputatlarning fikricha, Rossiya va kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotidagi ittifoqchilari manfaatlarini himoya qilish uchun shunday choralar ko‘rish lozim, deb xabar qilmoqda RIA «Novosti» agentligi.
Ularning so‘zlariga ko‘ra, AQSh may oyidayoq Turkiya janubi-sharqida HIMARS rusumidagi raketa uchirish uskunalarini joylashtirish niyatida. Bu haqda Reuters axborot agentligi xabar tarqatgan edi.
«Ushbu qurilma yordamida 500 km.lik masofaga raketa zarbasi berish mumkinligi e'tiborga olinsa, kollektiv xavfsizlik shartnomasi a'zosi Armaniston xavf ostida qoladi».
Deputatlarning aytishlaricha, Rossiya va ittifoqchilarining manfaatlarini himoya qilish maqsadida AQSh xatti-harakatlariga munosib javob berish kerak. Xususan, HIMARS kabi yoki undan kuchliroq raketa majmualarini Kubada joylashtirish maqsadga muvofiq bo‘lar edi.
«Bundan tashqari, Havana shahri yaqinidagi Lurdes radioelektron markazini qayta tiklash ham Vashington siyosatiga javob bo‘lardi», — deb qayd etishgan Rossiya Davlat dumasi a'zolari.
«Rossiya jahon siyosiy maydonida o‘zini buyuk davlat sifatida namoyon etayotgan pallada, ittifoqchilar bilan barbod bo‘lgan harbiy va iqtisodiy aloqalarni qayta tiklashi lozim. Bu birinchi galda birodar Kuba Respublikasiga oid», — deyiladi deputatlar murojaatida.