Shimoliy Kavkaz okrug sudi bugun – 27 aprel kuni asli qozog‘istonlik Vazgen Zargaryanni bir necha bor “IShID” terroristik guruhiga qo‘shilishga uringani uchun 2,5 yilga ozodlikdan mahrum etdi. Bu haqda sud matbuot xizmatiga asoslanib TASS xabar bermoqda.
Xabarga ko‘ra, sudlanuvchi o‘z aybiga to‘liq iqror bo‘lgan.
Tergov natijalari bo‘yicha, ayblanuvchi 2014 yilning mart oyida IShIDga qo‘shilish va hukumat kuchlariga qarshi jangovar harakatlarda ishtirok etish maqsadida Suriya hududiga kirmoqchi bo‘ladi. 2014-2015 yillarda u boshqa davlatlar orqali ham Suriyaga kirishga urinadi. Oxirgi urinish paytida Zargaryan Rostov-Donda huquqni muhofaza qilish xodimlari tomonidan qo‘lga olinadi.