Fransiyaning «Pari Sen-Jyermen» klubi 2015 yil yakunlari bo‘yicha topgan daromadi raqamlari ma'lum bo‘ldi.
Bloomberg portali bergan ma'lumotga ko‘ra, parijliklarning daromadi miqdori 484 million yevroni tashkil qilgan. Bu daromad bo‘yicha ikkinchi ko‘rsatkichdagi «Monako»ning daromadidan 4 martaga ko‘proq (117,4 mln) deganidir.
Bundan tashqari, «PSJ»ning daromadi Birinchi Ligada ishtirok etuvchi 14 jamoaning umumiy daromadini qo‘shib hisoblaganda ham ularnikidan ko‘proqni tashkil qilgan.
Shu bilan birga «Pari Sen-Jyermen» daromadining katta qismi, 205 million yevro «boshqa mahsulot» sifatida qayd qilingan. Bloombergning qaydlariga ko‘ra, gap jamoaning Qatar turizm vazirligi bilan homiylik shartnomasi evaziga topiladigan 205 million yevro haqida ketmoqda.
Poytaxt jamoasining oylik maosh jadvali o‘tgan yili 254,9 million yevroni tashkil qilgan. Bu mazkur ko‘rsatkich bo‘yicha 2-o‘rinda turgan «Marsel»ning oylik hisobidan 2,5 baravar ko‘proq deganidir.
Qayd etib o‘tish joiz, Fransiya klublarining umumiy daromadi 1,4 milliard yevroni tashkil qilgan, «PSJ» chiqarib tashlab qolgan 19ta jamoaning daromadlarini hisoblaganda bu ko‘rsatkich 941 million yevroni tashkil qiladi.