Odatda uzoq uyqu ham to‘laqonli orom olishni ta'minlamaydi. Inson 8-9 soat uxlasa ham, horg‘in va charchagan holatda, kamiga bosh og‘rig‘i bilan uyg‘onadi. Holbuki o‘rin qulay, xona ham shamollatilgan, lekin siz o‘zingizni umuman uxlamagandek his qilasiz. Bu yerda yana yaqinlaringizdan shikoyat tushadi: kechasi bilan xurrak otib chiqding!
Aynan xurrak oromsiz uyquning sababidir. Tungi xurrak xavflimi va u bilan qanday kurashish kerakligi to‘g‘risida yuqori kategoriyali shifokor-somnolog Klara Zeynullovna Iskakova so‘zlab beradi.
Nima uchun tunda yomon uxlaymiz?
Xurrak – yuqori nafas olish yo‘llarining torayishi natijasida yuzaga keladigan fenomen hodisa. U tug‘ma ham bo‘ladi, ammo ko‘pincha orttirilgan muammodir. Xurrakning sababi to‘lalik, angina va tonzillitning asoratlari va boshqa kasalliklar bo‘lishi mumkin.
Uyqu vaqtida tomoq mushaklari bo‘shashadi hamda havoning o‘tishi qiyinlashadi. Mana shu holat xurrakni yuzaga keltiradi.
Xurrak uyqu vaqtida muammolar keltirib chiqaradi va u nafas olishning buzilishiga olib kelishi mumkin. Organizmga yetarli miqdorda kislorod kelib tushmasligi tufayli kislorod yetishmovchiligi yuzaga keladi.
Shuning uchun, inson to‘yib uxlay olmaydi, bosh og‘rig‘i hamda baland qon bosimi bilan uyg‘onadi. Diqqatni jamlash va xotira susayadi. Bu yurak ishemiyasi, miokard infarkti, aritmiya va insultga olib kelishi mumkin.
Xurrakning eng asosiy xavfi – nafas olishning to‘xtab qolishi, ilmiy nomi apnoe. Agar bu holat 10 soniyadan ortiq bo‘lsa, bir soat ichida 5-10 marta ro‘y bersa, demak kuchli organizm kislorod yetishmovchiligidan aziyat chekmoqda. Bu birinchi navbatda yurak va miyaga taalluqli.
Shunday odamlar borki, 2 daqiqagacha nafas olmay qo‘yishadi. Shu vaqt ichida kutilmagan o‘limga olib keluvchi patalogiya yoki buzilish sodir bo‘lishi mumkin.
Uyqu labaratoriyasi
Xurrakni davolash ishlari bilan shifokor-somnolog shug‘ullanadi. Uning birinchi vazifasi – uyqu va nafas yo‘llarining buzilishi sabablarini aniqlashdan iborat. Buning uchun maxsus uyqu labaratoriyasi mavjud. Bu bemor o‘zini bemalol his qiladigan qulay yotoqxonadir.
Uxlashga bir soat qolganda kelinadi. Avval u xonada yotib dam oladi va ko‘nikadi. So‘ng hamshira elektrodlarni qo‘yadi va ularni maxsus kichik qurilmaga ulaydi. Bemor uyquga ketadi. Tuni bilan videotasma ketadi va qurilma kompyuterga uzatilayotgan uyquning o‘n bir fiziologik parametrlarini qayd etadi.
Uyqu strukturasi - tez va sekin uyqu ketma-ketligi, nafas olish, qonning kislorod bilan to‘yinishi, yurak mushaklarining qisqarish soni, bemor qanday holatda uxlayotgani, kardiogramma o‘rganiladi. Ertasiga shifokor videotasma yordamida barcha ko‘rsatkichlarni o‘rganib chiqadi va xulosa qiladi: uyquning qanday buzilish holatlari borligi, buning hayot uchun xavfi qay darajada va bemorda nafas olish jarayonida to‘xtash bor-yo‘qligi to‘g‘risida ma'lumot beradi.
Xurrakning davosi bor
Xurrakning sababi to‘g‘ri aniqlansa, ko‘p hollarda buni davolash qiyin emas. Vaznni kamaytirish, chekish va spirtli ichimliklar iste'molidan voz kechish, baland yostiq va uyqu vaqtidagi to‘g‘ri joylashuv – bularning barchasi bemorga yordam berishi turgan gap.
Agar yuqori nafas yo‘llarining qisqarishi – anatomik ahamiyatga ega bo‘lsa, bunda jarrohning aralashuvi maqsadga muvofiq. Jarrohlik operatsiyasidan keyin sabablar yo‘qotilgani nazorat ostida o‘rganiladi va tekshiriladi.
Burun-tomoq kasalliklari bilan bog‘liq muammolarni bartaraf qilish uchun lor-shifokor konsultatsiyasi kerak bo‘ladi. Buning uchun maxsus mashqlar ham mavjud.
Xurakka qarshi mashqlar
Bir oy davomida muntazam ravishda shu mashqlar bajarilsa, xurrakni sezilarli darajada kamaytirish va uyquni yaxshilash mumkin.
1. Tilingizni maksimal darajada oldinga chiqarib pastga tushiring. Tilning ildizida yutish mushaklarining og‘irligini his qilish kerak. Tilni oldinga chiqarilgan holatda 1-2 soniya ushlab turing va bir vaqtning o‘zida cho‘ziq “i” tovushini talaffuz qiling. Mashqni bir kunda ikki marotaba 30 martadan bajaring. Bunday mashq til mushaklarini mustahkamlaydi.
2. Qo‘lingiz bilan iyagingizni bosing, pastki jag‘ni kuch bilan oldinga va orqaga harakatlantiring. Bu mashqni ham kuniga ikki marotaba 30 martadan bajaring. Bunda pastki jag‘ mushaklari mashq qilinadi, halqum kengayadi va xurrak otish kamayadi.
3. Tishlaringiz bilan yog‘och yoki plastik cho‘pni (qalam, ruchka) qattiq siqing, uni 3-4 daqiqa mobaynida ushlab turing. Bu mashqni uyqu oldidan bajaring. Bu mashq yutish va chaynash mushaklarini harakatga keltirib, uyquning boshlanishida xurrakni kamaytiradi.
4. Og‘zingizni oching, pastki jag‘ingiz bilan avval soat strelkasi bo‘yicha, keyin unga qarshi 10-15 marta harakatlantiring.
Qiyin vaziyat yuzaga kelganda
Nafas olish kasalliklarining o‘tkazib yuborilgan va og‘ir holatlari bo‘ladi. Unda apparatli davolash - Sipap-terapiya qo‘llaniladi. Bu qurilma yuqori bosimda burundan nafas olishga mo‘ljallangan.
Uyqudan oldin uskunaga biriktirilgan germetik niqob kiyiladi. Tuni bilan havo bosim ostidan keladi va bu yuqori nafas yo‘llarining qisqarmasligiga olib keladi. Og‘ir holatlarda bemor butun umr shu apparatdan foydalanishiga to‘g‘ri keladi. Bir haftada 3-4 marta albatta apparat bilan uxlashiga to‘g‘ri keladi. Har bir bemor uchun individual ravishda terapevtik bosim tanlanadi.
Tungi sokin uyqu va erkin nafas olish insonning jismoniy va ruhiy sog‘lig‘i uchun juda muhimdir. Xurrak hayot sifatiga sezilarli putur yetkazishi mumkin. Shuning uchun o‘z vaqtida kerakli yordamni olib, xurrakdan butkul xalos bo‘lishingiz maqsadga muvofiq bo‘ladi.