Gruziyaga Yevroparlament rahbari tashrifi kutilmoqda

Jahon 21:47 / 27.04.2016 1660

Gruziya hukumati yaqin oylarda Yevroparlament rahbari Martin Shultsning Gruziyaga kelishini kutishmoqda, deb ma'lum qildi Gruziya parlamenti spikeri David Usupashvili.

"Men janob prezident bizning taklifimizni qabul qilib, keyingi oylarda Gruziyaga kelishidan xursandman. Yevroparlamentdan yaxshi yangiliklar olib kelishimizga ishonaman", deb aytdi Usupashvili Bryusselda Shults bilan birgalikda bergan matbuot-anjumanida.

25 aprelda Yevroparlamentning Fuqarolik erkinliklari, adliya va ichki ishlar qo‘mitasi Yevrokomissiyaning Gruziya fuqarolari uchun viza tartibini erkinlashtirish taklifini qo‘llab-quvvatladi. Agar Yevroparlament bu qonun loyihasini ma'qullasa, unda Gruziya fuqarolari Shengen hududida vizasiz 90 kundan 180 kungacha bo‘lishlari mumkin.

Avvalroq Yevrokomissiya Gruziya uchun viza cheklovlarini bekor qilish tashabbusi bilan chiqqandi va Gruziyani Yevropa Ittifoqiga safar uyushtirish uchun fuqarolariga viza zarur bo‘lmagan davlatlar ro‘yxatiga kiritishni taklif qilgandi. Migratsiya va fuqarolik masalalari bo‘yicha yevrokomissar Dimitris Avramopulos Yevrokomissiya Gruziya fuqarolari yoz boshidan Yevropa Ittifoqiga vizasiz bora olishlariga umid qilayotganini aytgandi. Biroq bir necha kun avval Yevropadagi eng yirik Yevropa xalq partiyasi prezidenti Jozef Dol partiya Yevroparlamentdagi ovoz berishda Gruziya bilan viza tartibini bekor qilishni agar Gruziyada 2016 yil kuzida o‘tadigan parlament saylovlari erkin va adolatli bo‘lsagina qo‘llab-quvvatlashini aytgan.

Ko‘proq yangiliklar: