Amerikaning Apple kompaniyasi chorak ko‘rsatkichlari pasaygani haqida e'lon qildi. Bu haqda kompaniya hisobotida ma'lum qilingan.
Unga muvofiq, ikkinchi moliyaviy chorakda kompaniya savdosi 13 foizga tushib, 50,6 mlrd. dollarni tashkil etgan. Savdo ko‘rsatkichlarining pasayishiga Apple’ning asosiy mahsuloti iPhone telefonlari xaridi kamaygani bilan bog‘liq. Shu bois kompaniyaning sof daromadi 22 foizga tushib, 10,5 mlrd. dollarni tashkil etgan.
Bunda Xitoydagi savdolar hajmining pasaygani sezilarli salbiy ta'sir ko‘rsatgan. Bu yerda o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 26 foizga kam mahsulot sotilgan. AQShdagi savdolar ham 10 foizlik pasayishni qayd etgan. Bundan tashqari, Apple 2015 yilning shu davriga nisbatan 16 foiz kam iPhone sota olgan.
The New York Times nashrining yozishicha, Apple kompaniyasi Apple Music va iCloud, Apple Watch aksessuariga katta ishonch bildirmoqda. iPad planshetlari savdosi ham o‘z taxminlarini oqlamadi. Shunga qaramay, Apple kompaniyaning choraklik dividendlarini 10 foizga oshirib, har bir aksiya uchun 57 sentdan to‘lashga qaror qildi. Bundan tashqari, kompaniya avval e'lon qilganidek, 140 mlrd. emas, 175 mlrd. dollarlik o‘z aksiyalarini qaytarib sotib olishini ma'lum qildi.