Smartfonlardan shaxsiy kompyuter sifatida foydalanish yangi g‘oya emas. Superbook loyihasi ishtirokchilari bozor shunday qurilmalar bilan to‘lib qolishidan avval tashqi ko‘rinishi noutbukka o‘xshaydigan dok-stansiyani taqdim etishdi.
Qurilma 1366x768 piksellarga ega 11.6-dyuymli displey, klaviatura, tachpad, 8 soat foydalanish imkonini beruvchi akkumulyator va Android-smartfonni ulash uchun kerak bo‘ladigan USB-interfeysi bilan jihozlangan.
Ammo barcha mobil telefonlar unga to‘g‘ri kelavermaydi. Buning uchun mobil smartfonlar 1 GB tezkor xotira, Android 5.0 va undan yuqori bo‘lgan operatsion tizimga ega bo‘lishi lozim.
Smartfon 64 razryadli protsessor va ko‘proq tezkor xotiraga ega bo‘lganda eng yaxshi tezlik bo‘yicha ko‘rsatkichlarga erishish mumkin.
Bularning barchasi Superbookni hujjatlar bilan ishlash va tarmoqdan foydalanish uchun qulay qurilmaga aylantira oladi. Yangi qurilmaning narxi 99 dollarni tashkil qiladi.