"Pravyy sektor" tarafdorlari Rossiyada davlat to‘ntarishi sodir etishga urinishgan

Jahon 17:15 / 26.04.2016 1145

Rossiya Federatsiyasi bosh prokurori Yuriy Chaykaning Federatsiya kengashiga yo‘llagan ma'ruzasida aytilishicha, Ukrainaning o‘ng kayfiyatdagi "Pravyy sektor" tarafdorlari Rossiyada ommaviy tartibsizliklar uyushtirish orqali davlat to‘ntarishini amalga oshirishga uringan.

2016 yil 27 aprelda Chayka Federatsiya kengashiga mamlakatning 2015 yilda huquq-tartibot va qonun ijrosi holatiga oid hisobotini taqdim etadi.

Bosh prokuror ma'lumotlariga ko‘ra, Rossiyada faoliyati taqiqlangan o‘ng radikal kayfiyatdagi birlashma tarafdorlari "VKontakte" ijtimoiy tarmog‘idagi sahifalar orqali Rossiyada tartibsizliklar keltirib chiqarishga urinishgan. Hozirda ayni sahifalar to‘sib qo‘yilgan.

Hisobotda keltirilishicha, mamlakat bosh prokuraturasi talabi bilan 7 mingdan ortiq internet-resursdagi ekstremistik va terroristik mazmundagi materiallar yo‘qotilgan. Bundan tashqari, 2015 yilda prokurorlar OAV va internetda 11 mingdan ortiq tekshiruvlarni o‘tkazgan va 15,3 mingdan ortiq ekstremistik mazmundagi axborot joylanganini aniqlashgan.

2015 yilda ekstremistik materiallar federal ro‘yxatiga 836 ta maqola kiritilgan.

Ma'lumot uchun: "Pravyy sektor" — Ukraina radikal-millatchi tashkilotlari birlashmasi. 2014 yil yanvar-fevral oylarida harakat jangarilari politsiya bilan to‘qnashuvlarda qatnashgan va ma'muriy binolarni egallab olgan. Aprel oyidan Ukraina sharqidagi norozilik kayfiyatini bostirishda qatnashgan.

Ushbu birlashma Rossiyada ekstremistik tashkilot sifatida tan olingan va taqiqlangan tashkilotlar ro‘yxatiga kiritilgan. Harakat yetakchisi Dmitriy Yaroshga nisbatan terroristik faoliyatiga undash aybi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Ko‘proq yangiliklar: